DUNAY



DUNAY (Yunoncha Istros — Istr; nemischa Donau; vengercha Duna; bolgar va Serbcha Dunav; chexcha Dunai; Rumincha Dynarea) — Yevropadagi Daryo, uzunligi jihatidan Volgadan keyin 2-o’rinda. Uzunligi 2850 kilometr, havzasining maydoni 817 ming kilometr kvadrat. Boshlanish joyi quyilish joyidan 678 metr baland. Shvarsvald tog’larining (Germaniya) Sharqiy yon bag’ridan boshlanib qora dengizga katta Delta hosil qilib quyiladi. Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya, Serbiya, Bolgariya, Ruminiya, Ukraina hududlaridan oqib o’tadi. Dunay oqish tavsifiga ko’ra yuqori, o’rta va quyi Dunayga bo’linadi. Yuqori Dunay (Vena shahrigacha) — tog’ daryosi, chuqur va tor vodiydan oqadi. O’zanining kengligi 350 metrgacha. O’rta Dunay (Venadan temir darvoza tangisigacha) O’rta Dunay tekisligidan oqadi. Vodiysi keng (5-20 kilometr). Tog’ va tepalarni kesib o’tgan joylarda tangilar (Vengriya Darvozasi, Vishegrad yo’lagi, temir Darvoza va boshqalar) hosil qilgan. Bu joylarda o’zani 150 metrgacha torayib, chuqurligi 20-70 metrga yetadi. Dunayning Serbiya-Ruminiya chegarasi bo’ylab o’tgan Jerdap deb ataluvchi 120 kilometr uzunlikdagi vodiysi juda tor (0,6— 1,5 kilometr). Daryoning serostona va tezoqar joylaridagi o’zani kemalar harakatini ancha qiyinlashtiradi. Quyi Dunay (Temir Darvozadan quyilishigacha) quyi Dunay tekisligidan oqadi. Vodiysining kengligi 7-20 kilometr. Quyilish joyidan 80 kilometr yuqorida deltasi (maydoni 3500 kilometr kvadrat) boshlanadi. Delta qismida 3 ta asosiy tarmoqqa bo’lingan. Dunayning rejimi murakkab: bahorda to’lib oqadi, yoz va kuzda toshib, qishda suvi kamayadi. O’rtacha suv sarfi yuqori oqimida 420 metr kub/sekund, o’rta oqimida 1900 metr kub/sekund, quyilish joyida 6430 metr kub/sekund. Bir yilda keltirgan suvining o’rtacha hajmi 203 kilometr kub. Dunay Qora dengizga yiliga 120 million tonna oqiziq va mineral moddalar keltiradi. Qish sovuq kelganda 1,5 oygacha muzlaydi. Dunayning 300 irmog’i bor, shundan 34 tasida kema qatnaydi. Eng yirik irmoqlari: o’ngdan — Inn, Drava, Sava, Morava; chapdan — Morava, Tisa, Olt, seret va Prut. Dunayning iqtisodiy ahamiyati katta. Daryodan transport qatnovi, gidroenergiya olish, sug’orish, shahar va sanoat markazlarini suv bilan ta’minlashda foydalaniladi, baliq ovlanadi. 2 ta yirik GES (Ruminiya va Serbiya chegarasida), GESlar kaskadi (Avstriya va Germaniyada) bor. Deltasida qamishzor ko’p. Regensburg shahridan (Germaniya) boshlab Dunayda yil davomida kema qatnaydi. Daryo bo’yida 100 dan ortiq port, shahar va pristan joylashgan. Eng yiriklari: Regensburg, Vena, Bratislava, Budapesht, Belgrad, Ruse, Galas, Izmail va boshqalar. Dunay — xalqaro Daryo. Dunayda kema katnash rejimi haqidagi 1948 yilda qabul qilingan konventsiyaga ko’ra kemalar daryoda erkin suzish xuquqiga ega; Dunaybo’yi davlatlaridan boshqa davlatlarning harbiy kemalari qatnashi man etilgan; Konventsiyaning bajarilishini nazorat qiluvchi Dunay komissiyasi (barcha Dunaybo’yi davlatlari a’zo) tuzilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz