DUMBALI QO’YLAR



DUMBALI QO’YLAR – go’shti va yog’i uchun boqiladigan dag’al va yarim dag’al junli dumbali ko’y zotlari. Cho’l va chala cho’l mintaqalarida boqishga moslashgan, o’t-xashak tanlamaydi, uzoq masofalarga haydashga chidamli. Asrlar davomida yaylov sharoitida boqilishi tufayli keskin ekologik sharoitlarga moslashgan. Yirik Dumbali qo’ylardan hisori, saraja, edilbey qo’ylari mashhur. Qo’chqorlarining tirik vazni 110— 130 (ba’zan 180) kilogrammgacha, sovliqlari 60— 85 kilogramm (ba’zan 130 kilogramm) gacha boradi. Dumbasi qo’yning semizlik darajasiga qarab 6-15 kilogramm, ba’zi zotlar (hisori qo’ylari) bo’rdoqilarida 45 kilogrammgacha bo’lishi mumkin. Dumbasining shakliga qarab “do’ngalak quyruq”, “tegirmon quyruq”, “ayri quyruq”, “ketmon quyruq”, “solfi quyruq” deb yuritiladi. Bu zotlar yaxshi go’sht beradi. Dumbali qo’ylar so’yilganda go’sht chiqishi 53-60%, jun bo’yicha mahsuldorligi past — 2,0—2,2 kilogramm jun beradi. Juni dag’al va bir tekis bo’lmagani uchun dag’al movut, gilam, kiygiz va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Dumbali qo’ylar sovliqlaridan 120 kilogrammgacha sut sog’ib olish mumkin. Serpushtligi 105— 120%. Eron, Afg’oniston, Arabiston yarim oroli mamlakatlarida, Kavkaz, Rossiyaning janubi, O’rta Osiyo, Qozog’istonda ko’proq boqiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz