DUKKAKLI DON EKINLARI
DUKKAKLI DON EKINLARI – don (urug’) olish uchun ekiladigan o’simliklar; dukkakdoshlarning (Fabaceae) kapalakgullilar kenja oilasiga (Papilionaceae) mansub; shuningdek, ulardan tuproq unumdorligini oshirish uchun almashlab ekishda foydalaniladi. Dunyo bo’yicha Dukkakli Don ekinlarining 17 turkumiga mansub 60 dan ortiq turi ma’lum. Osiyoda, jumladan O’zbekistonda o’ris-no’xat, soya, loviya, yasmiq, burchoq, vika, no’xat, lyupin va boshqalar tarqalgan. Poyasi tik (no’xat), chirmashib (loviya), o’rmalab (vika) yoki yer bag’irlab (mosh, yasmiq) o’sadi. Barglari murakkab patsimon yoki panjasimon. Ildizi har xil shaklda, gul tuzilishi kapalakgullilarniki singari. Mevasi — dukkak (2— 9 urug’li). Urug’i mayda (masalan, yasmiq) va juda yirik, dumaloq, buyraksimon, yapasqi va boshqa shaklda, batamom yoki nuqtali rangli po’stloq bilan o’ralgan. Urug’ining o’ziga xos belgisi — urug’kertimining borligidir. O’rta Osiyo sharoitida o’suv davri 60-90 kundan (o’risno’xat, yasmiq) 90-160 kungacha (no’xat, soya, loviya) davom etadi. G’unchalash va gullash davrida yer ustki qismlari kuchliroq o’sadi. Ko’pchilik Dukkakli Don ekinlari mevalari birin-ketin, pastdan yuqoriga qarab joylashadi, shuning uchun urug’lar baravar pishib etiladi. Soya, loviya issiqqa ancha talabchan, maysalari 10-13°, lyupin, no’xat urug’lari 5-6°, yasmiq, burchoq 3-4° temperaturada unib chiqadi. O’risno’xat, burchoq maysalari — 8°, soya — 4° gacha chidamli, loviya esa — g da nobud bo’ladi. Dukkakli Don ekinlari don to’lishishi va uning pishib yetilishi fazasida issiqlikni ko’p talab qiladi. Soya, lyupin namga ancha talabchan. No’xat va burchoq qurg’oqchilikka chidamli. Dukkakli Don ekinlari yengil qumloq va qumoq tuproqlarda juda yaxshi o’sadi. No’xat, vika hamda dukkaklilar neytral reaktsiyali tuproqlarda, loviya va soya nim nordon, lyupin nordon tuproqlarda yaxshi o’sadi. Dukkakli Don ekinlari fosforli-kaliyli o’g’itlarga talabchan. Dukkakli Don ekinlari oziq-ovqat hamda ozuqa ahamiyatiga ega, oqsilga boy don olish uchun ekiladi. Doni, ayniqsa, to’la pishib yetilmagan doni oqsil (12— 60%), uglevod (11-60%), yog’ (0,5—52%; quruq modda hisobida), vitamin, karotinga boy. Pishib yetilgan doni bevosita taomlarga ishlatiladi. Ulardan yorma, un tayyorlanadi. Dumbul mevalari sabzavot sifatida foydalaniladi. Dukkakli Don ekinlari doni, kunjarasi, poyasi va poxoli chorva mollari hamda parrandalar uchun qimmatbaho, proteinga boy ozuqadir. Dukkakli Don ekinlari tuproqni azotga boyitadi va ekinlar uchun muhim o’tmishdosh o’simlik hisoblanadi. Sug’orma dehqonchilik mintaqalarida Dukkakli Don ekinlari ang’iz yoki oraliq ekin sifatida (yakka o’zini yoki boshoqdoshlar bilan qo’shib kuz-qish va qish-bahor davrida) ekiladi. Ko’k massasi qoramol uchun ozuqa yoki ko’kat o’g’it sifatida ishlatiladi. Ko’ziboy Dushamov, Halima Otaboyeva.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz