Dukak
Dukak yoki
Duqaq (turkcha: Dukak bey, turkmancha: Dukak beg yoki Dukak Demir ýaýly; Toʻliq ismi: Tuqaq Temur Yaligʻ) — Oʻgʻuz beyi va suboshisi (qoʻshin sardori). U Saljuqiylar sulolasining asoschisi Saljuqbiyning otasi boʻlgan. Dukakbeyning nabirasi Toʻgʻrulbek milodiy XI asrda Saljuqiylar saltanatiga asos solgan.
„Tuqaq Temur Yaligʻ“ qadimgi turkiy tilda „temir kamon“ yoki „temir kamonli“ degan maʼnoni anglatadi.
Tarixi
Dukak va uning faoliyati haqida juda kam maʼlumotlar mavjud, chunki u haqidagi maʼlumotlarning aksariyat tafsilotlari noaniq va keyinchalik yaratilgan yozma yoki ogʻzaki manbalardan iboratdir. Dukakbey manbalarda asosan Dandanakon jangidan soʻng tilga olina boshlangan. Dukakbey va uning mashhur avlodlari asli oʻgʻuz turkmanlarining qiniq urugʻidan boʻlishgan. Otasining ismi Kerequchi boʻlib, u manbalarda mahalliy temirchi yoki chodir tikuvchi usta ekanligi aytilgan.
Fors tilida yozilgan "Maliknoma" („Shohlar kitobi“) dostonida Xazar xoqoniga xizmat qilgan Dukak ismli jangchi haqida so‘z boradi. Xazarlar davlati keyinchalik parchlangach, xazarlar Kumanlarga singib ketgan. Shundan soʻng u Oʻgʻuz Yabgʻu davlati bilan ittifoq tuzgan va umrining oxirigacha bu davlat uchun xizmatlar qilgan.
Ilk oʻrta asrlarga oid manbalarda Dukakbey hayotining soʻnggi davrlarida Oʻgʻuz Yabgʻu davlati harbiylari va oʻgʻuz turkmanlari orasida katta mavqega ega boʻlganigi qayd etilgan. Dukakbeying „Temir kamon“ laqabi uning oddiy askar boʻlmaganini tasdiqlaydi. Chunki oʻq va kamon oʻgʻuz turkmanlarining madaniyatida qudrat belgisi hisoblangan. Taxallusini hisobga olganda Dukakbeyning O‘g‘uzlar davlati oliy bosh qo‘mondoni yoki qudratli davlat arbobi bo‘lganini taxmin qilish mumkin.
Tashqi aloqalari
Dukakbey Oʻgʻuz Yabgʻuda muhim shaxs boʻlsa-da, uning boshqa nufuzli davlat arboblari bilan munosabatlari murakkab edi. Chunki Dukakbey ularning boshqa turkiy qabilalarni bosib olish siyosatiga qarshilik qilib kelgan. Dukakning o‘g‘li Saljuq ham xuddi shunday fikrda boʻlgan va bu O‘g‘uz Yabg‘u davlati tarkibidagi boshqa turkiylarning bu davlatni tark etib, Movarounnahrdagi yangi vatanga ko‘chib o‘tgan Saljuqbeyga kelib qo‘shilishiga asosiy sabab aynan shu masala bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik bu voqea muhim ahamiyat kasb etgan, chunki oʻsha paytda turkmanlar deb atalgan saljuqiylar Xurosonda qudratli kuchga aylangan edi. Bu esa ularga kuchli raqib Gʻaznaviylarga qarshi kurashish imkonini bergan.
Arab tarixchisi Ali ibn al-Asirning yozishicha, Dukakbeyning oʻgʻuz hukmdori bilan munosabatlari shunchalar murakkab boʻlganki, „ular hatto baʼzi masalalarda janjallashib ham qolishgan, lekin oxir-oqibat murosaga kelishgan va Dukak yabgʻu boʻlib qolavergan“.
Oʻlimi va merosi
Dukak 924-yilda vafot etgan deb taxmin qilinadi. Oʻlimidan soʻng oʻgʻli Saljuq oʻgʻuz-turkman qoʻshinining oliy bosh qoʻmondoni etib tayinlangan. 961-yilda u oʻziga oid qoʻy, echki va otlari bilan Oʻgʻuz Yabgʻu davlatini tark etib, bir qancha turkman qabilalari bilan Movaronunaronga koʻchib oʻtadi. Saljuqbey va uning izdoshlari islom dinini qabul qilgandan soʻng, Oʻgʻuz Yabgʻu turkmanlari musulmon boʻlmagani uchun bu davlatga soliq toʻlashdan bosh tortgan. Saljuqiy va uning qiniq urugʻi keyinchalik oʻzlarining mustaqil beyligiga asos solgan.
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org