DUGUYLAN HARAKATI



DUGUYLAN HARAKATI (mo’g’ulcha du-guylan — to’garak) — 19-asrning 2-yarmi — 20-asrning boshida mo’g’ul aratlarining ichki Mo’g’uliston (Xitoy) va 1903-05 yillarda tashqi Mo’g’ulistondagi demokratik ozodlik harakati. Bironbir masalani muhokama etish chog’ida harakat qatnashchilari tenglik belgisi sifatida aylana bo’lib o’tirib, har bir kishini fikr-mulohazasini eshitgach, hujjatga aylana bo’ylab imzo chekishgan. Taypin qo’zg’oloni (1851-64) ta’sirida yuzaga kelgan. Duguylan harakati keng ko’lamga yoyilib ichki Mo’g’ulistonning ko’p qismini qamrab olgan. 10 mingdan ortiq xonadonni o’z safiga birlashtirib, ommaviy qo’zg’olonchilar harakatiga aylangan Ordosning Ushen, Otok va boshqa rayonlarida duguylanlar 3 yil (1905-08) davomida xalq hokimiyatining organi — xalq kengashlari (xitoycha guyxuy) hisoblanganlar. Ular mansabdan chetlashtirish, majburiyatlarni bekor qilish, soliqlarni yig’ish, sud qilish, mansabdor shaxslarni tayinlash va boshqalar bilan shug’ullanishgan. Duguylan harakati manjur-Xitoy qo’shinlari tomonidan bostirilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz