DUERO
DUERO (portugalcha — doru) — Pirenei yarim orolidagi daryo. Ispaniyadagi Iberiya tog’laridan boshlanib, Portugaliyaning Portu shahri yonida Atlantika okeaniga quyiladi. Uzunligi 925 kilometr, havzasining maydoni 95 ming kilometr kvadrat. Eski Kastiliya yassitog’ligini kesib o’tgan qismida chuqurligi 30-40 metrli Kanon hosil qilgan. Portugaliya hududida keng vodiydan oqadi. Qish va bahorda sersuv, bu mavsumlarda suv sathi daralardan o’tgan joyida 15— 20 metrgacha ko’tariladi. Quyilish joyida o’rtacha suv sarfi 700 metr kub/sekund. Quyilish joyidan boshlab 200 kilometr masofada kema qatnaydi. Suv ombori va GES qurilgan. Duerodan sug’orishda foydalaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz