DREZDEN



DREZDEN — Germaniyadagi shahar, Elba daryosi bo’yida. Saksoniya yerining ma’muriy markazi. Aholisi 452,8 ming kishi (1998). Mamlakatning yirik sanoat va madaniyat markazlaridan biri. Daryo porti, temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Xalqaro aeroport bor. Mashinasozlik, ayniqsa elektrotexnika va radioelektronika, priborsozlik, optika buyumlari ishlab chiqarish va aniq mashinasozlik (rentgen va kino apparaturalari) sanoati rivojlangan. Qadimdan chinni va shisha buyumlar ishlab chiqariladi. Tikuvchilik, trikotaj, poyabzal, kimyofarmasevtika, poligrafiya, mebel va oziq-ovqat (ayniqsa, tamaki va shokolad) korxonalari bor. Drezden shahar sifatida dastlab 1216 yildan tilga olingan. 1485 yildan Vettin gersoglari qarorgohi, 1806 yildan Saksoniya Qirolligining poytaxti. Napoleon urushlari davrida (1813 yil 26-27 avgust) Drezden yonida katta jang bo’lgan. 2-jahon urushi oxirida (1945 yil Fevral) Drezden qattiq bombardimon qilingan. Drezdenda me’moriy yodgorlik ko’p, jumladan Yapon saroyi (1715-41), Pilnis saroy-bog’ majmuasi (1720-24), kurfyurstlar qasri (1200), Svinger saroyi (1711 — 1722) va boshqalar. Yangi qurilgan me’moriy binolari: matbuot uyi (1960-68), Madaniyat saroyi (1970) va boshqalar. Drezden kartinalar galereyasi, tarix muzeyi, chinni buyumlar muzeyi, xalq san’ati muzeyi, texnika universiteti, ped. instituti, yirik kutubxonalar bor. Drezden yadro tadqiqotlari markazi. Turizm rivojlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz