DRENAJ QUVURLARI
DRENAJ QUVURLARI — gorizontal yopiq drenajning suv yig’ish va uni oqizib yuborish vazifalarini bajaruvchi qismi. Drenaj quvurlari sopol, asbest-tsement, beton, temir-beton, plastmassa, ovak materiallar (plastobeton, keramzit shisha) va boshqalardan yasaladi. Sopol Drenaj quvurlari keng tarqalgan, uning devori bir xil g’ovakli, zanglamaydi va uzoq muddat chidaydi (tajriba uchastkalarida ular 40 yildan ortiq xizmat qiladi). Hozirgi sharoitlarda melioratsiyada qishloq xo’jalik yerlaridagi drenaj shoxobchalarini to’la mexanizatsiyalashga imkon beradigan va texnologik jarayonning uzluksizligini ta’minlaydigan egiluvchan gofrirlangan (qovurg’ali) plastmassa quvurlar keng qo’llanilmoqda. O’zbekistonda yerning meliorativ holatiga qarab diametri 100-300 (sopol), 160— 410, 100-250 (plastmassa), 500 (temir-beton), 125— 600 (kanalizatsiya sopol quvurlari) millimetrli Drenaj quvurlari ishlatiladi. Drenaj quvurlari yotqizish mexanizatsiyalashgan (quvuryotqizgichlar yordamida) va yarim mexanizasiyalashgan (transheyalar draglayn ekskavatorlari bilan kavlanadi, quvurlar qo’lda yotqiziladi) usullarda bajariladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz