DRENAJ, QISHLOQ XO’JALIGI YERLARINI DRENAJLASH
DRENAJ, QISHLOQ XO’JALIGI YERLARINI DRENAJLASH — qishloq xo’jalik melioratsiyasining muhandislik usuli; ekinlarning normal rivojlanishiga xalaqit beradigan ortiqcha tuproq-grunt suvlarini va suvda eruvchan zaharli tuzlarni tuproq qatlamlaridan chiqarib tashlash uchun quriladigan gidrotexnika inshootlari tizimi. Grunt suvlari to’planib qoladigan yoki uning oqib ketishi qiyin bo’lgan joylarda sho’rlanish va botqoqlanishga uchragan tuproqlarda Drenaj barpo qilinadi. Bunday yerlarda Drenaj qurish gurunt suvlarining oqib ketishini va natijada tuproq qatlamining tadrijiy sho’rsizlanishini, yuza grunt suvlari sathini pasaytirishni ta’minlovchi meliorativ kompleksning asosi hisoblanadi. Sho’rlangan qurg’oqchil zonadagi rayonlarda gidrotexnik Drenaj grunt suvlari sathini sho’r yuvishni o’tkazishga imkon beradigan chuqurlikkacha pasaytirish; drenajlanadigan tuproq-grunt qatlamidan sho’r yuvishda suvda eriydigan zaharli tuzlarni chiqarib tashlash; chuchuklashtirilgan grunt suvlari sathini ildiz tarqaladigan tuproq qatlamini sho’rlanishga olib kelmaydigan darajada saklash kabilarni ta’minlaydi. Sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida gorizontal drenaj:, vertikal drenaj va kombinasiyalangan drenaj: tiplari qo’llaniladi. Drenajning turli tiplari hududning geologiklitologik va xo’jalik sharoitlariga qarab qo’llaniladi. Ularning konkret sharoitdagi samaradorligi gruntlarning suvfizik xossalari va drenajlanadigan ob’yektning gidro-geologik-meliorativ xususiyatlari (grunt suvlarining bosimi, ularning oziklanish sharoitlari) bilan belgilanadi. O’zbekistonda hoz. sug’orilayotgan va kelgusida sug’orishga yaroqli hududlar gidrogeologik sharoitlar hamda Drenaj turini qo’llash bo’yicha tiplarga bo’lingan. 90-yillar boshida O’rta Osiyodagi deyarli 7 million gektar sug’oriladigan yerlarda 125 ming kilometr ochiq va 30 ming kilometrdan ortiq yopiq Drenaj tarmoqlari, 5000 dan ortiq vertikal Drenaj burg’i quduqlari qurilgan. Masharif Boqiev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz