DRAMA
DRAMA (Yunoncha drama — harakat) — 1) badiiy adabiyotning 3 asosiy turidan biri (epos, lirika bilan bir qatorda). Drama teatrtga ham taalluqli. Syujetlilik, harakatlarning ziddiyatga asoslanishi va ularning sahna, epizodlarga bo’linishi, bayonning yo’qligi, personajlar munosabatlarining o’zaro so’zlashuvga asoslanishi Dramaning o’ziga xos xususiyatidir. Ijtimoiy (konkret tarixiy va umuminsoniy) muammolarni aks ettiruvchi dramatik ziddiyatlar qaxramonlarning hatti-harakatlarida, avvalo dialog va monologlarda ifodalanadi. Drama matni ko’rishga (imo-ishora, harakat), shuningdek, eshitishga mo’ljallanadi; u sahnaviy makon, zamon va teatr texnikasi (mizanstsenalar qurilishi) imkoniyatlariga ham muvofiq keladi. Drama adabiy asar sifatida aktyor, rejissyor tomonidan sahnada o’z talqinini topadi. Drama tufayli teatr san’ati yuzaga kelgan va u kino san’ati uchun ham asos bo’lgan. Drama janrlari: tragediya, komediya, drama (janr sifatida) va tragikomediya. 2) dramaturgiya janrlaridan biri. Ma’rifatparvarlik davri (Didro, Lessing) dan boshlab Drama badiiy adabiyotning etakchi janrlaridan biriga aylangan. Unda insonning ziddiyatli hayoti ifodalanadi. Tarixiy Dramaga fojiaviylik xos. O’zbek dramaturgiyasi 20-asr boshlarigacha og’zaki shaklda mavjud edi. 20-asrning 1-yarmida dastlabki yozma milliy sahna asarlari yaratildi: “Padarkush yoki “To’y” (Nusratulla Qudratulla va Hoji Mu’in), “Boy ila xizmatkor”, “ko’knor”, “Mazluma xotin” (Hoji Mu’in), “Juvonmarg”, “ahmoq” (Abdulla Badriy), “Baxtsiz kuyov” (Abdulla Qodiriy), “Zaharli hayot”, “ilm hidoyati” (Hamza), “Pinak”, “advokatlik osonmi?”(Avloniy) va boshqalar. Bular Drama janri imkoniyatlarini o’zida to’la ifodaladi. 20-30-yillarda o’zbek dramaturgiyasi G’ulom Zafariy, Fitrat, Cho’lpon, Ziyo Said, Xurshid, Sobir Abdulla va boshqa dramaturglar ijodi tufayli yanada rivojlandi. 40-yillar dramaturgiyasi 2-jahon urushi va urushdan keyingi davr vazifalariga muvofiq taraqqiy etdi. Zamonaviy dramatik asarlarda o’zbek xalqi tarixi, buyuk siymolar ko’proq yoritildi. H. Olimjon, Izzat Sulton, uyg’un, Shayxzoda kabilar insonparvarlik va vatanparvarlik ruhi bilan sug’orilgan “Muqanna”, “Jaloliddin”, “Alisher Navoiy”, “Mirzo Ulug’bek” kabi tragediya va dramalar yaratdilar. O’zbek dramaturgiyasining yetuk namunalari bu janrning eng yaxshi an’analari asosida yaratildi. Dramada davr muammolari va hayotiy ziddiyatlarni ichki ruhiy kechinmalar asosida ifodalash o’zbek sahna asarlarining etakchi xususiyatiga aylandi. A. Qahhorning “shohi so’zana”, “Tobutdan tovush”, I. Sultonning “Imon”, Uyg’unning “Parvona”, O’. Umarbekovning “Qiyomat qarz” pyesalari shular jumlasidan. Ad.: Belinskiy V. G., Tanlangan asarlar, T., 1955; Rahmonov M., O’zbek teatri tarixi (XVIII asrdan XX asr avvaligacha), T., 1968; Imomov B., Jo’raev Q., Hakimova H., O’zbek dramaturgiyasi tarixi, T., 1995. Murod Ibrohimov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz