DOZIMETRIYA NAZORATI
DOZIMETRIYA NAZORATI – shaxsiy tarkib, qurol-yarog’, jangovar texnika, transport vositalari, harbiy anjomlar, oziq-ovqat, suv va muayyan hududning radioaktiv moddalar bilan zaharlanganlik darajasini aniqlash uchun o’tkaziladigan tadbirlar majmui. Dozimetriya nazorati nurlanish va radioaktiv zaharlanishni nazorat qilishga bo’linadi. Nurlanish Dozimetriya nazorati shaxsiy tarkib radioaktiv moddalardan zaharlangan joylarda xarakat qilganida yoki boshqa sharoitlarda yuqqan radiasiya dozasini o’lchashdan iborat. Uning ma’lumotlariga qarab shaxsiy tarkibning radioaktiv nurlanishdan zaharlanishini oldini olish choralari ko’riladi. Radioaktiv zaharlanish Dozimetriya nazoratida shaxsiy tarkib, qurol-yarog’, jangovar texnika, transport vositalari, harbiy anjomlar, oziq-ovqat va suvning radioaktiv moddalar bilan zaharlanish darajasi o’lchanadi. Uning ma’lumotlariga ko’ra shaxsiy tarkibni sanitariya tekshiruvidan o’tkazish, qurol-yarog’, texnika anjomlarini zararsizlantirish choralari belgilanadi. Bunday Dozimetriya nazorati qo’shinlar zaharlangan zonadan chiqarilganidan keyin o’tkaziladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz