DOYCHE BANK
DOYCHE BANK (Deutshe Bank), Nemis banki — GFRdagi aktsiyadorlik banklar kontserni, jahondagi eng yirik 10 bank qatoriga kiradi. Bosh idorasi Frankfurt-Maynda joylashgan. 1870 yilda Berlinda tashkil etilgan, aktsiyadorlik kapitali 15 million marka bo’lgan. 2-jahon urushidan keyin 1947 yilda Doyche bank filiallari negizida G’arb mamlakatlari yordami bilan 10 mintaqaviy voris banklar tashkil etilgan. 1957 yilda bu banklar yagona bank bo’lib birlashdi. Bank Germaniya va chet ellarda yuridik va jismoniy shaxslardan iborat mijozlariga universal banklarga xos jami xizmatlar ko’rsatadi (kreditlar berish, depozitlarni saqlash, qimmatli qog’ozlar savdosi, loyihalarni moliyalash, sug’urtalash, maslahat xizmatlari va boshqalar). 2494 bo’limi, shu jumladan chet ellarda jahon moliya markazlarida ochilgan 803 bo’limi bor. Shulardan 550 tasi Yevropa mamlakatlarida joylashgan. 286 ming aktsiyador bank mulkdori hisoblanadi, ustav kapitalida xususiy shaxslar hissasi — 38% yoki 2,5 milliard nemis markasi (1970 yilda 640 million marka). Balans summasi 722 milliard marka, o’z kapitali 39,9 milliard nemis markasi (1995). Balans miqdorining yarmidan ko’pi chet ellarda joylashtirilgan. Doyche bankning O’zbekistondagi vakolatxonasi Toshkent shahrida 1994 yil 2 Fevralda ochilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz