DOYAXOTIN KARVONSAROYI



DOYAXOTIN KARVONSAROYI – Turkmanistondagi 12-asrga oid me’moriy yodgorlik. Qadimgi Amul (Chorjo’y) dan Xorazmga boradigan karvon yo’li (Amudaryoning chap qirg’og’i)da joylashgan. Mahalliy aholi orasida boy xotin karvonsaroyi nomi bilan ham ma’lum (afsonaga ko’ra, mashhur bir boy xotin qurdirgan). Binoning tarhi to’g’ri to’rtburchak (112x 125 metr), tashqi burchaklari burj-minorali bo’lib, to’g’ri to’rtburchakli qo’rg’on o’rtasiga qurilgan. Karvonsaroy o’rtasida atrofi toqili ayvonlar bilan o’ralgan katta hovli (53×53 metr) bo’lgan. Unda yo’lovchilar uchun hujralar, ot-ulovga esa cho’zinchoq xonalar qurilib, tepasi balxi gumbaz bilan berkitilgan. Hovlining har tarafi o’rtasida peshtoqli ayvon va chorsi xona, hamda molxona va hujralarga ravoqlar orqali kirilgan. Devorlarning tashqi va ichki tomoni pishiq g’ishtdan, orasi esa xom g’ishtdan terilgan. Doyaxotin karxonsaroyining old (shimol- Sharq) tomoni ulkan, go’zal peshtoq bilan bezalgan, g’ishtlari bo’ylama va ko’ndalang (“archa” usulida) terilib, kufiy xatida to’rt xalifa (Abu Bakr, Umar, Ali, Usmon) ning nomi yozilgan. Doyaxotin karxonsaroyi Buyuk ipak yo’lidagi yirik jamoat savdo-sotiq inshooti sifatida O’rta Osiyo me’morligi san’atini o’zida mujassam etgan noyob namuna.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz