DOYAXOTIN GAZ-KONDENSAT KONI
DOYAXOTIN GAZ-KONDENSAT KONI — Buxoro viloyatining Qorako’l tumanida, Gazli shahridan 80 kilometr g’arbda joylashgan. Doyaxotin strukturasi 1952 yilda geologik s’yomka natijasida aniqlangan. 1966 yilda yura karbonatli yotqiziqlar gorizontidan sutkasiga 139,5 ming metr kub gaz olina boshlagan. Konda 1969 yilgacha 8 ta burg’i qudug’i qazilgan. Quduqlarning o’rtacha chuqurligi 2000 metr. Konning geologik tuzilishida yura, bur, paleogen va neogento’rtlamchi yotqiziqlari ishtirok etgan. Tektonik jihatdan Doyaxotin strukturasi Chorjo’y pog’onasining shimol-g’arbiy qismida joylashgan braxiantiklinaldan iborat. Uning shimoliy-g’arbiy qanoti qiya, Janubi-sharqi tikroq. Strukturaning uzunligi 10 kilometr, kengligi 7 kilometr, balandligi 100 metr. Sanoat ahamiyatiga molik gaz yura davri karbonatli jinslarining turli gorizontlarida joylashgan. Doyaxotin gaz-kondensat konidagi gaz yengil, havoga nisbatan sof og’irligi 0,628 0,637, metan 90,99— 91,7%, etan va uglevodorodlar 0,77— 1,91%. Gazning tarkibida oltingugurt vodorodi 0,11—0,12%, karbonat angidridi 1,75—2,45%, azot oz. Kondensat ning potentsial miqdori 32,5 sm3/m3, zichligi 0,7596—0,7737 g/sm3.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz