DOVUDBEK



DOVUDBEK, Chag’ribek (? -1061) – Marv va Xuroson hokimi (1037-61). Saljuqiylardan. Jand hokimi Mekoyilning o’g’li, Saljuqning nabirasi. Dovudbek otasi vafotidan so’ng amakisi Yobg’u (Payg’u) va akasi To’g’rulbek bilan 985 yil somonishshr huzuriga kelib, Nur qishlog’i atrofida istiqomat qilgan. 1029 yil qoraxoniylardan bo’lgan Buxoro hokimi Alitegin bilan Saljuqiylar o’rtasida nizo kelib chiqqan; Aliteginning farmoniga ko’ra uning lashkarboshisi Alp qora (Saljuqning nabirasi) Yusufni o’ldirgan. Ilgari Aliteginning o’zi Yusufni inonch-Payg’u unvoni bilan o’zining xizmatidagi turklar ustidan rahbar qilib tayinlagandi, 1030 yil marhumning amakivachchalari To’g’rul va Dovudbek qo’zg’olon qilib, Alp qora va uning 1000 jangchisini qatl etadilar. Alitegin farzandlari bilan ularga qarshi chiqqan, aholi ham ularni qo’llab-quvvatlagan. Turkmanlar to’la mag’lubiyatga uchrashgan, ularning mol-mulklari musodara qilingan, ayollari va bolalarining bir qismi asir olingan; noilojlikdan Dovudbek akasi bilan Xorazm hokimi Horun ibn Oltuntosh panohiga o’tgan. Horun Mas’ud G’aznaviy uyushtirgan fitna oqibatida o’ldirilgach (1035), Dovudbek akasi bilan Xuroson tomonga o’tib ketgan. Dovudbek va To’g’rulbek boshchiligidagi turkmanlar Mas’ud G’aznaviy ustidan jangda g’olib chiqqach, Nishopurda imzolangan shartnoma (1035) ga ko’ra To’g’rulbek Nisoga, yobg’u Faravaga va Dovudbek Dahistonga hukmdor (voliy) qilib tayinlandilar. Ularga dehkon unvoni va voliylik mansabiga munosib sovg’alar berildi. 1037 yilda Marvda Dovudbek nomi bilan tanga zarb qilinadi. 1040 yil Dandanakon jangidan so’ng Saljuqiylar Xurosonni, 1043 yil Xorazmni zabt etdilar. 1059 yil g’aznaviylardan Ibrohimbek bilan Dovudbek o’rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, Balx Dovudbek qaramog’iga o’tgan. Dovudbek vafotidan so’ng Saljuqiylar davlatining Sharqiy qismiga uning o’g’li Alp Arslon hukmdor bo’lib qoldi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz