DOVUD “QURUVCHI”



DOVUD “QURUVCHI”, Dovud “Binokor”, David IV Georgievich (1073-1125) — Gruziyaning Bagrationlar sulolasi davridagi podsholaridan (1089-1125). Gruziya knyazliklarini markazlashgan yaxlit davlatga birlashtirishga asos solgan yirik davlat arbobi. Dovud “quruvchi” 1097 yil saljuqiylarga soliq to’lashni to’xtatib, Gruziyaning mustaqilligini tiklagan. 1104 yil Kaxeti, Ereti va boshqa shaharlarni o’z hududiga qo’shib olgan. 1122 yil Tbilisini ishg’ol qilgan va poytaxtni Kutaisidan Tbilisiga ko’chirgan. Dovud “quruvchi” cherkovdagi yuqori lavozimni nasldan-naslga o’tkazishga barham berib, unga hukumat mansabdorlaridan saylash tartibini joriy qilgan. U zodagonlarning ko’ngilli lashkarlaridan tashqari, bevosita podshoga qaram bo’lgan doimiy qo’shin tuzgan (1118-20). Dovud “quruvchi” qipchoqlar ulug’xonining qizi — Guranduxtga uylanib, 45 mingdan ortiq qipchoqni askariy xizmatga jalb etgan. Bundan tashqari u shahar, katta (shoh) ko’chalar, ko’priklar, qasr (saroy)lar, karvon saroylar qurishga, maorif ishlarini rivojlantirishga katta ahamiyat bergan. Gelati shahridagi akademiyaga asos solgan. Uning taraqqiyparvarligini nazarda tutib “Quruvchi” deb nom berilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz