DOVUD



DOVUD — Qur’onda nomi zikr etilgan payg’ambarlardan biri. Yahudiy va xristian diniy adabiyotlarida David nomi bilan ma’lum bo’lgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, Dovud miloddan avvalgi 11-asrda Isroil va Iudeyani birlashtirib, yagona yahudiy davlatini tuzgan podsho. Qur’onda yozilishicha, Dovud Jolut (falastinliklar lashkarboshisi) ustidan g’alaba qozongan. “Alloh unga (Dovudga) podshohlik, payg’ambarlik va o’zi xohlagan narsalaridan ta’lim berdi” (Qur’on, 2:251), Dovud alayhissalomga Muso (as)dan so’ng samoviy kitob — Zabur tushirilgan. Dovud temirchilikning asoschisi hisoblanadi, o’z qo’l mehnati bilan tirikchilik o’tkazgan: temirdan har xil asboblar yasab, uni sotib kun ko’rgan. Ayni chog’da Dovudning nihoyatda xushovoz bo’lganligi, tog’laru qushlar unga qo’shilib “tasbeh aytishi”, da’volashuvchi tomonlarni murosaga keltirish, odilona hukm qilish qobiliyatiga ega ekanligi haqida ko’p rivoyatlar bor. Dovud alayhissalom vafotidan so’ng, barcha mulk va payg’ambarlik o’g’li Sulaymon (as)ga meros bo’lib qolgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz