Dovqorayev Najim
Dovqorayev Najim (1905.5.10, Qoʻngʻirot tumani — 1953.20.7, Nukus) — qoraqalpoq adabiyotshunosi, dramaturg va adib. Filol. fanlari doktori (1951). Olmaota pedagogika institutini tamomlagan (1926—30). Ural pedagogika institutida oʻqituvchi (1932), Toʻrtkoʻl oʻqituvchilar tayyorlash institutida kafedra mudiri (1934), Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1939—42), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining badiiy havaskorlik ishlari boʻyicha boʻlim mudiri (1942— 44), Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1946—48), Oʻzbekiston FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi tasarrufidagi madaniyat va iqtisodiyot instituti direktori (1948—53). D. "Adabiyot xrestomatiyasi" (I. Sagitov bilan hamkorlikda, 1937), "Qoraqalpoq xalq ertaklari" (1949), "Berdaq shoir" (1950) kabi risolalar muallifi. "Qoraqalpoq adabiyoti tarixi ocherki" qoʻllanmasi D. vafotidan soʻng nashr qilingan (1959— 61). "Ravshan", "Xizmatchi yuragi" kabi sahna asarlari, ayniqsa, "Alpomish" (1940) musiqali dramasi qoraqalpoq dramaturgiyasining yetuk namunalaridan biri hisoblanadi. "Koʻp kunlardan biri" (1929), "Bibixon" (1936), "Baxtli mehnat" (1949) va b. qissa qamda hikoyalari bor. Badiiy tarjima bilan ham shugʻullangan. Oʻzbekiston Respublikasi FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi Til va adabiyot institutiga D. nomi berilgan. 3 jildli "Tanlangan asarlar"i chop etilgan (1970—81).
Adabiyot
uz.wikipedia.org