DOVQORAYEV NAJIM



DOVQORAYEV NAJIM (1905.5.10, Qo’ng’irot tumani — 1953.20.7, Nukus) — qoraqalpoq adabiyotshunosi, dramaturg va adib. Filologiya fanlari Doktori (1951). Olma-ota pedagogika institutini tamomlagan (1926-30). Ural pedagogika institutida o’qituvchi (1932), To’rtko’l o’qituvchilar tayyorlash institutida kafedra mudiri (1934), Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib (1939-42), Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining badiiy havaskorlik ishlari bo’yicha bo’lim mudiri (1942— 44), Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1946-48), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limi tasarrufidagi madaniyat va iqtisodiyot instituti direktori (1948-53). Dovqorayev “Adabiyot xrestomatiyasi” (I. Sagitov bilan hamkorlikda, 1937), “Qoraqalpoq xalq ertaklari” (1949), “Berdaq shoir” (1950) kabi risolalar muallifi. “Qoraqalpoq adabiyoti tarixi ocherki” qo’llanmasi Dovqorayev vafotidan so’ng nashr qilingan (1959— 61). “Ravshan”, “Xizmatchi yuragi” kabi sahna asarlari, ayniqsa, “Alpomish” (1940) musiqali dramasi qoraqalpoq dramaturgiyasining yetuk namunalaridan biri hisoblanadi. “Ko’p kunlardan biri” (1929), “Bibixon” (1936), “baxtli mehnat” (1949) va boshqa qissa hamda hikoyalari bor. Badiiy tarjima bilan ham shug’ullangan. O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limi Til va adabiyot institutiga Dovqorayev nomi berilgan. 3 jildli “tanlangan asarlar”i chop etilgan (1970-81).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz