DOVIDOV MIXAIL DOVIDOVICH
DOVIDOV MIXAIL DOVIDOVICH [1913.12(25).5, Andijon – 1981.16.6, Toshkent] — opera xonandasi (lirik tenor), aktyor va pedagog. O’zbekistan xalq artisti (1978). Moskvadagi O’zbek opera studiyasini tugatgan (1939). 1933 yildan O’zbek davlat musiqali teatrida artist, 1939 yildan Navoiy nomidagi opera va balet teatri yakkaxoni. Mayin va shirali ovoz sohibi Dovidovning ijro uslubi Yevropa va milliy xonandalik an’analarining mutanosibligi bilan ajralib turadi. O’zbek operalaridan Naziriy (S. Boboev, “Hamza”), Olimjon (T. Sodiqov, D. Zokirov va boshqalar, “Zaynab va omon”) va ayniqsa hidoyat (S. Yudakov, “Maysaraning ishi”), shuningdek, Lenskiy (P. Chaykovskiy, “Yevgeniy Onegin”), Shuyskiy (M. Musorgskiy, “Boris Godunov”), Almaviva (J. Rossini, “Sevilya sartaroshi”) kabi partiyalarni mahorat bilan ijro etgan. Kontsert repertuaridan o’zbek, tojik, tatar va Ozarbayjon xalq ko’shiqlari o’rin olgan. 1966 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida dars bergan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz