DOU-JONS INDEKSI
DOU-JONS INDEKSI – AQShning yetakchi kompaniyalari aktsiyalari kursining Nyu-York birjasidagi o’rtacha ko’rsatkichi, birja indikatori. Bu indeks dastlab 1884 yildan “Doujons end Kompani” firmasi tomonidan 11 kompaniya aktsiyalari kursi buyicha “Uol strit Jornel”da e’lon qilinib borilgan. 1928 yildan 30 ta kompaniya aktsiyalari bo’yicha hisoblanib, muntazam matbuotda e’lon qilib boriladigan bo’ldi. Hozir Dou-Jons indeksi aktsiyalar kursining birja yopiladigan chog’da har kungi o’rtacha qiymatlarini ko’rsatadi, muayyan vaqtdagi aktsiyalarning o’rtacha narxi oldingi davrdagi narxga solishtiriladi. Masalan, oldingi narx indeksi 10, 100 yoki 1000 birlik deb qabul qilingan bo’lsa, keyingi narx shunga taqqoslanib, narx oshsa, yangi indeks 10,6, 106,1, 1010,5 deb baholanishi mumkin. Aktsiyalar kursi indeksining ko’tarilishi uning xaridorlarini ko’paytiradi yoki aksincha. Kompaniyalar aktsiyalarining kurs indeksiga qarab iqtisodiy vaziyatga baho beriladi. Dou-Jons indeksi faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy vaziyatga qarab ham o’zgarib turadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz