DOTSENT



DOTSENT (lotincha, dosene — ta’lim beruvchi) — bir qancha mamlakatlarda oliy o’quv yurtlari o’qituvchilarining ilmiy unvoni va lavozimi. O’zbekistonda Dotsent unvoni kafedra mudiri va boshqa lavozimlarga tanlov bo’yicha saylangan yoki shu lavozimlarda shartnoma asosida ishlayotgan yoxud oliy o’quv yurtining rektori (o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha prorektori), malaka oshirish instituti va unga tenglashtirilgan o’quv yurtining direktori (direktor o’rinbosari) lavozimlarini egallab turgan, ularda o’quv yili davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, oliy o’quv yurtlari yoki malaka oshirish institutlarida kamida 3 yil pedagog bo’lib ishlagan hamda pedagog amaliyotida foydalanilayotgan, shu jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin matbuotda e’lon qilingan ilmiy va o’quv-metodik ishlarga ega bo’lgan fan Doktorlari va nomzodlariga beriladi. Oliy o’quv yurtida kamida 5 yillik pedagoglik ish stajiga ega, kollej, litsey, gimnaziya, o’rta maxsus va kasb-hunar o’quv yurtlari uchun darslik yoki o’quv qo’llanmalari, umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun darsliklarning yakka mualliflari bo’lib, tanlov bo’yicha yoki shartnoma asosida kafedra mudiri Dotsent lavozimiga tayinlangan va mazkur lavozimlarda o’quv.yili davomida muvaffaqiyatli ishlagan oliy ma’lumotli yuqori malakali mutaxassislarga ham ilmiy darajasi bor-yo’qligidan qat’i nazar, Dotsent unvoni berilishi mumkin. Dotsent unvonini, qaysi idoraga bo’ysunishidan qat’i nazar respublika oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari ilmiy (ilmiy texnika) Kengashlarining tavsiyasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi beradi. Dotsentlarga belgilab qo’yilgan namunadagi attestatlar topshiriladi. O’zbekiston Respublikasida Oliy attestasiya komissiyasi tashkil etilgandan beri (1992) 2002 yil 1 yanvargacha 3088 kishi Dotsent unvoniga ega bo’lgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz