DOSTONCHILIK MAKTABI
DOSTONCHILIK MAKTABI – baxshilik san’ati markazi. O’zbek folklorshunosligida Bulung’ur, Narpay, Qo’rg’on, Xorazm, Shahrisabz, Sherobod kabi yirik dostonchilik maktablaridan tashqari, Qamay, Piskent, Qulbuqon, o’zbeklaqay va boshqa shunday markazlar ham ma’lum. Ular repertuarlari, uslubi, ma’lum ijod tamoyili va ijro usullariga ko’ra bir-biridan ajralib turadi. Masalan, 19-asrda Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanining Qamay qishlog’i bilan bog’liq Qamay Dostonchilik maktabi mavjud bo’lgan. Bu maktab Dehqonobod va G’uzor tumanlari atrofida yashovchi Abdukarim juyruq (19-asr), Mulla Xolnazar o’g’li (1910 yil vafot etgan), Bozor Sherqul o’g’li (1887-1953), Hazratqul baxshi Xudoyberdiyev (1920 yil tug’ilgan) kabi 60 ga yaqin baxshilarni birlashtirgan. Ular Shahrisabz dostonchilik maktabi bilan ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Qamay Dostonchilik maktabi vakillari xalq dostonlarining lirik yo’nalishiga alohida e’tibor berishgan. Ular poetik shakllar taraqqiyotida Sherobod dostonchilik maktabi vakillariga nisbatan ilgarilab ketganlar. Qamay dostonchilaridan “Nuralining yoshligi” (1972, 1977), “Xonimoy” (1963) va boshqa dostonlar yozib olingan. Piskent Dostonchilik maktabi Berdi baxshi nomi bilan bog’liq. Mazkur maktab lirik yo’nalishga moyil, ba’zi jihatdan Ergash Jumanbulbul o’g’lining ota-bobolari asos solgan qo’rg’on dostonchilik maktabi baxshilariga yaqin poetik uslubga ega bulgan. Janubiy Tojikistonda yashovchi o’zbeklaqay baxshilari Dang’ara tumanining Jorubko’l qishlog’i bilan bog’liq. Haybat shamol o’g’li (19-asr), Tula Haybat o’g’li (1884-1966), Mustafoqul Qunduz o’g’li (1883-1966), Shomurod shamol o’g’li (1883-1964) va boshqalar bu maktabning iste’dodli vakillaridan hisoblangan. Bu baxshilar repertuarining asosini “Go’ro’g’li” dostonlar turkumi tashkil qilgan. Ularning matni nihoyatda qisqa, ixcham. Namangan viloyati Yangiqo’rg’on tumani hududida Qo’lbuqon Dostonchilik maktabi shakllangan. Haydar boycha o’g’li, Razzoq qozoq o’g’li, Usmon Mamatqul o’g’li, bo’ri baxshi, Mallavoy Hoshimovlardan yozib olingan xalq og’zaki ijodi namunalari bu maktabga Bulung’ur dostonchilik maktabi ta’siri kuchli bo’lganligini ko’rsatadi. Ad.: Razzoqov H., Mirzayev T., Sobirov O., Imomov K., O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi, T., 1980.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz