DOSTONCHILIK



DOSTONCHILIK — xalq og’zaki poetik ijodidagi qadimgi epik an’ana. Dastlab qo’shiq shaklidagi, musiqa asbobisiz kuylanadigan asarlar yaratilgan. Keyinchalik (10— 11-asrlar) do’mbira jurligida aytiladiganlari yuzaga kelgan. Dostonchilikning bunday namunalari Kaspiy va Orol dengizlari bo’ylaridagi qadimgi ko’chmanchi turkiy qabilalar orasida vujudga kelgan. Epik dostonlarni yaratuvchi va kuylovchi badihago’ylar ko’payib borgan sari ustoz-shogirdlik an’analari vujudga kela boshladi. Natijada 15-16-asrlarga kelib ko’pgina dostonchilik maktabi paydo bo’ldi. 17-18-asrlar Dostonchilik taraqqiyotida jiddiy ko’tarilish bosqichi, 19-20-asrlar esa uning eng rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda baxshilar repertuarida 150 dan ortiq xalq dostonlari bo’lib, ularni tilla kampir, Sulton kampir, Jolmon baxshi, bo’ron shoir, Jumanbulbul, Jossoq, Xonimjon xalfa, buvi shoira, Suyav baxshi, Amin baxshi, Yo’ldoshbulbul, Sultonmurod, Qurbonbek, Yo’ldosh shoir, Suyar shoir, Sherna yuzboshi kabi mashhur baxshilar kuylab kelganlar. Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan, Islom shoir, Saidmurod panoh o’g’li, berdi baxshi, Abdulla Nurali o’g’li, umir shoir, bola baxshi, Ahmad baxshi kabi etakchi san’atkorlar o’zlariga zamondosh boshqa baxshilar bilan birgalikda bu epik an’anani davom ettirdilar. D.da qatiy tartibga rioya qilingan: Doston eshitish uchun maxsus kechalar uyushtirilgan, to’y-hashamlar ham baxshilarsiz o’tmagan. Tinglovchilar baxshini to’rga o’tqazib, atrofida qo’r to’kib o’tirganlar. Baxshi do’mbirasini sozlab, tinglovchilarga “nima aytay” termasi bilan murojaat qilgan, “kunlarim”, “Do’mbiram” termalarini aytib, tinglovchilar e’tiborini o’ziga jalb etgan. Baxshi ijro davomida dostondagi har bir tasvirga mos so’z topib, o’sha so’zlarga monand hatti-harakatlar qilgan. Tinglovchilarni qiziqtirish bilan, o’zi ham tobora avjga chiqqan. Iqtidorli dostonchilar ikki-uch kecha mobaynida, hatto oylab Doston kuylay olganlar. Masalan, Shernazar Berdinazar o’g’li yetti kecha davomida Doston ayta olgan. Ba’zi dostonlarning hajmi ham ikki-uch kecha muttasil ijro etishni taqozo etgan. Dostonchi, odatda, voqea eng qiziq joyga yetganda kuylashni to’xtatib, tanaffus qilgan, bu esa tinglovchilarning qiziqishini yana ham oshirgan. Dostonchilik kechalariga ikki-uch baxshi tashrif buyurgan. Bunday hollarda dostonchilar o’zaro tortishuvga kirishganlar: bir birlarining iqtidorlarini, so’zdagi chechanligini, soz chalishdagi mahoratlarini sinaganlar. Tinglovchilar ularga baho berganlar. Xalq olqishini ololmagan dostonchi davradan chiqib ketgan. Dostonchilik an’anasi hoz. kunda ham davom etmoqda, ammo kuylash tartibi va sharoitlarida birmuncha o’zgarishlar bor. Endilikda baxshilar teatrlarda, kontsert zallarida, katta sayil va hasharlarda, radio va televideniye orqali uyushtirilgan Olimpiada va tanlovlarda o’z mahoratlarini keng tomoshabinlar oldida namoyish etmoqdalar. Ad.: Mirzaev T., Xalq baxshilarining epik repertuari, T., 1979; Razzoqov H., Mirzaev T. va b., O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi, T., 1980. Tura Mirzaev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz