DOSTON
DOSTON, poema — liro-epik janr; shu janrdagi badiiy asar. O’zbek xalq, og’zaki ijodi va o’zbek mumtoz adabiyotida keng tarqalgan. Dostonda muayyan voqea liro-epik tasvir vositalari yordamida hikoya qilinadi. Unda hayot, voqelik keng ko’lamda qamrab olinadi, bir yoki ikkita bosh qahramon ishtirok etadi, personajlar esa ko’p bo’ladi. Syujeti sertarmoq, rang-barang. Xalq og’zakii jodidagi Dostonlar nazm va nasrav., yozma adabiyotdagi Dostonlar nazmda bo’ladi, bunda Nasr voqealarni bog’lovchi vazifasini o’taydi. Yozma adabiyotdagi Dostonlarda lirizm kuchliroq, ayniqsa, hozirgi zamon Dostonlarida lirik asos yanada salmoqliroqdir. Jahon mumtoz adabiyotidagi Dostonlar keng qamrovligi va hajmining kattaligi, ko’tarib chiqqan ijtimoiy, siyosiy, axloqiy muammolari, syujetining sertarmokligi va dramatizmining o’tkirligi, personajlarining ko’pligi bilan ajraladi. Bunday asarlar markazida jamiyat va xalq takdiri turadi, jamiyat, xalq va qahramon yaxlit, bir butunlikda tasvirlanadi, ular o’rtasida ziddiyat bo’lmaydi, balki shu xalq, shu qahramon bilan tashki dushmanlar o’rtasidagi kurash, yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi ziddiyat tasvirlanadi. Ularda vatanparvarlik, qahramonlik, insonparvarlik, mehr-muhabbat, do’stlik va sadoqat, mehnatsevarlik g’oyalari ilgari suriladi. Ilk dostonlar Yunonistonda paydo bo’ldi. Ularda afsonaviy qahramonlarning jasorati, xudolarning karomati haqida kuylangan. Gomerning “Iliada” va “Odisseya”, Dantening “Ilohiy komediya”, Firdavsiyning “Shohnoma” asarlari Doston janrining qadimgi namunalaridir. Dostonlar, o’z mohiyatiga ko’ra, qahramonlik (“Alpomish”, “Farhod va Shirin”), sarguzasht-detektiv (“Sabbai sayyor”), ishqiy-romantik (“Tohir va Zuhra”, “Layli va Majnun”), jangnoma (“Yusuf va Ahmad”, “Saddi Iskandariy”), tarixiy-memuar (“Shayboniynoma”, “Jizzax qo’zg’oloni”), falsafiy (“hayrat ul-Abror”), fantastik-allegorik (“Lison uttayr”), didaktik (“Qutadg’u bilig”) turga bo’linadi. Qahramonlik Dostonlarida xalq, jamiyat taqdiri tasvirlansa, ishqiy-romantik Dostonlarda oshiq-ma’shuqlarning sarguzashti bosh o’rinda turadi. Tarixiy-memuar yoxud tarixiy-biografik Dostonlarda biror tarixiy shaxslar ramziylashtirilib, bo’rttirib tasvirlanadi. Umuman, Dostonlarda ideallashtirish, mubolag’ali tasvir ustun bo’ladi, ularda turli afsonalar, asotirlar, hikoyatlar, dev, parilar, Xizr, ajdar, ajabtovur otlar (“Alpomish”dagi Boychibor), sehr-jodu ko’p ishtirok etadi. Xalq Dostonlari baxshi, dostonchi va xalq shoirlari tomonidan dutor, do’mbira va xalq cholg’u asboblari jo’rligida ijro etiladi. Folklordagi Dostonlar bilan yozma adabiyotdagi Dostonlar shaklshamoyili jihatidan bir xil ko’rinishda bo’lsada, yozma adabiyotdagi Dostonlar yozuvchining dunyoni o’ziga xos tarzda idrok etishi, baholashi va o’z fikr-g’oyalari, orzu-armonlarini ifodalash tarzi, usulida farqlanadi. Garchand, Navoiyning aksar Dostonlari, jumladan, “Layli va Majnun”, “Saddi Iskandariy” asarlari asosida folklor mavzui turgan bo’lsada, shoir ularni o’z estetik qarashlari va badiiy niyatidan kelib chiqib tubdan qayta yaratgan. O’zbek Dostonchiligi asrlar davomida o’sib, kamol topib, shakli rang-baranglashib bordi. O’rxun-Yenisey yozuvida, Avestoyaa, “Devonu lug’otit turk” dagi qadimgi Doston parchalarida, turkiy xalqlar mulki bo’lmish “kitobi dodam Qo’rqut”da va ayniqsa “Alpomish”, “Go’ro’g’li” turkum Dostonlarida o’zbek Dostonchiligining taraqqiyot yullari, davrlarini kurish mumkin. Navoiy “Xamsa”si o’zbek Dostonchiligi tarixida yuksak cho’qqi bo’ldi. “Xamsa”da, Gegel iborasi bilan aytganda, “dunyoning qahramonlik holati”ni tasvirlash kuchli, uning falsafiy-axloqiy mazmuni chuqur, unda shaxs barkamolligi, Fozil inson va adolatli jamiyat targ’ib etiladi, yaxshilik va yomonlik ildizlari qidiriladi. 20-asrga kelganda, o’zbek Dostonlari hajman toraydi, lirizm kuchaydi. Dunyoni, voqelikni va inson ruhiy olamini, ruhiy kechinmalarini idrok etish va haqqoniy tasvirlash bosh fazilat bo’lib qoldi (Mirtemirning “Surat” dostoni). Hozirgi Dostonlarga afsona, asotirlar ham faol kirib keldi. E. Vohidovning “ruxlar isyoni”, A. Oripovning “Jannatga yo’l” Dostonlarida ana shu yangiliklar yaqqol ko’rinadi. Hozirgi zamon o’zbek Dostonlarida drama janri belgilari (konflikt, dialog), ayniqsa epik tasvir unsurlari faollashdi. (E. Vohidov, “Istanbul fojiasi”, O. Matjon, “Paxlavon Mahmud” va boshqalar). Bundan tashqari, shoirning his-tuyg’ulari, taassurotlari, o’ymushohadalari, kechinmalaridan iborat bo’lgan lirik Dostonlar ham yaratilmoqda. 20-asr o’zbek adabiyotida Dostonlar kamayishini roman janri rivoji bilan izohlash mumkin. Voqelikni afsona, asotirlar va ertaklar asosida bayon etib, bolalarga mo’ljallangan yirik she’riy asarlar yozishda ham Doston janridan foydalaniladi. Salohiddin Mamajonov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz