Do'stlik (orden)
Doʻstlik ordeni — Oʻzbekistoning davlat ordeni. 1994-yil 5-may Oʻzbekiston Oliy Majlisi qarori bilan tashkil etilgan. Bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishida erishga yutuqlari uchun mukofotlanadi.
Nizomi
1. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, Oʻzbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganliklari uchun mukofotlanadilar. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
3. „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
4. „Doʻstlik“ ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshiradi.
5. Mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining oʻttiz karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar. „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
6. „Doʻstlik“ ordeni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
7. „Doʻstlik“ ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Tavsifi
„Doʻstlik“ ordeni 1 mikron qalinlikda tilla qoplangan tompakdan tayyorlanadi va u bir-biriga joylashtirilgan turli kattalikdagi, markazi bitta boʻlgan ikkita sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi. Katta va kichik yulduzlar oraligʻi moviy emal bilan toʻldirilgan. Yulduzning burchaklari orasida taraluvchi zarhal, uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Katta yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi 47 millimetr, kichik yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi esa 41 millimetr.
Ordenning markazida, diametri 12 millimetrli doira ichida oq kumushrang fonda qoʻlni qoʻlga berib koʻrishish ramziy tasvirlangan boʻlib, qoʻllar tasvirining ayrim yerlari zarhallangan. Tasvir atrofida, moviy emal berilgan fonda oʻn ikki insoniy fazilat ramzi sifatida oʻn ikkita kumushrang yulduz joylashgan. Sathida yulduzlar joylashgan doira diametri 24 millimetr. Butun tasvir atrofida aylana joylashgan boʻlib, uning yuqori qismiga qizil emal bilan naqsh etilgan
DOʻSTLIK degan yozuv, pastki qismiga esa zarhal dafna barglari jo boʻlgan. Aylana diametri 33 millimetr. Orqa tomonining pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozigʻliq. Orden moviy, yashil, sariq, qizil rangli, bir-biridan oq yoʻl bilan ajratilgan, eni bir xil rangdor yoʻlli shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
Sohiblari
Manbalar
uz.wikipedia.org