DO’STLIK
DO’STLIK — ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha. O’zaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi, yaqinlik, bir-birini tushunishga asoslangan kishilar o’rtasidagi munosabat shaklini ifodalaydi. Kishilarning muloqot shakli sifatidagi Do’stlik qonqardoshlik, o’rtokqlik, birodarlik tushunchalariga yaqin, lekin psixologik nuqtai nazardan esa ulardan o’zining alohidaligi, tanlash xususiyati, his-tuyg’u bilan farq qiladi. Axloqiy-psixologik hodisa va shaxsiy xislat sifatida Do’stlik odamning yoshi (bolalik, o’smirlikdagi Do’stlik), shaxsning shakllanishi bilan (maktabdagi, talabalik yillaridagi, armiyadagi Do’stlik) o’zgarib boradi. Ijtimoiy axloqiy muhit, kishilarning turmush tarzi Do’stlikning mazmun-mohiyatini belgilaydi. O’zaro manfaat (Epikur, utilitarizm namoyandalari), “tabiiy yoqtirish” hissi (A. Smit), baxtga erishishga ko’maklashish (18-asr frantsuz ma’rifatparvarlari) va boshqalar Do’stlikning asosi sifatida qaralgan. Haqiqiy, mustahkam Do’stlik yuksak, ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan maqsad va ideallar mushtarakligini anglash asosida shakllanadi. Do’stlik millat va xalqlar o’rtasidagi ijobiy aloqalarda ham o’z ifodasini topadi. Hozirgi davrda ko’p millatli O’zbekistonning rivojlanishi uchun xalqlar o’rtasidagi Do’stlik nihoyatda muhim. Xalqlar, millat va elatlar o’rtasidagi Do’stlik O’zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz