DOROSHUKUH



DOROSHUKUH (1616-59) – Ollohobod, Panjob va Mo’lton hokimi. Boburiylardan. Shoh jahonning katta o’g’li va valiahdi. Doroshukuh otasi betoblik kezlarida uning nomidan saltanatni idora qilgan. Shunda ukalari — Shoh Shujo, Avrangzeb va murodbaxsh hasad qilib unga qarshi jangga hozirlik ko’rgan. 1657 yil dekabrda murodbaxsh Ollohobodni, Shoh Shujo esa Bengaliyani egallab, o’zlarini mazkur yerlar podshohi deb e’lon qilganlar. 1658 yil martda Avrangzeb va Murodbaxsh Ujayn shahri yaqinida uchrashib, Doroshukuhga qarshi kurashish uchun o’zaro bitim tuzganlar. So’ng, ko’p o’tmay Bahodirpurda ikki tomon qo’shinlari o’rtasida dastlabki to’qnashuv sodir bo’lib, unda Doroshukuh yengilgan. 1658 yil 29 mayda esa Agra yaqinidagi Samugarx shahrida bo’lgan hal qiluvchi jangda Doroshukuh qo’shinlari butunlay tor-mor keltirilib, Avrangzeb saltanat taxtini egallagan. Doroshukuh qochib, birmuncha vaqt yashirinib yurgan, ammo Dadar viloyati hokimi Malik Jevonning xiyonati sababli qo’lga olinib, 1659 yil 30 avgustda qatl qilingan. Doroshukuh olim, adib va shoir edi. Uning “Majma’ul-Baxrayn” (“ikki dengizning qo’shilish joyi”), “Safiynat ul-avliyo” (“valiylar kemasi”), “Hasanot ul-orifiyn” (“oriflar amali solihlari”), “haqnoma” nomli nasriy asarlari va she’riy devoni mavjud. Shuningdek, u sanskrit tilidagi bir necha asarni forschaga tarjima qilgan (masalan, “Sirr ul-Asror”). Turg’un Fayziyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz