DORIXONA
DORIXONA, apteka — dori vositalarini tayyorlash, qadoqlash, ularning sifatini nazorat qilish hamda tayyor dori vositalari, tibbiy buyumlar, sanitariya va gigiena ashyolari, ma’danli suvlar, davolash-kosmetika mahsulotlarini saqlaydigan va sotadigan tibbiyot muassasasi. Dorixonada to’satdan kasal bo’lib qolgan yoki baxtsiz hodisaga uchragan kishilarga tez tibbiy yordam ham ko’rsatiladi. 19-asrning 2-yarmida O’zbekistonning ba’zi shaharlarida tashkil etilgan gospital va lazaretlar qoshida Dorixonalar bo’lgan. Birinchi rasmiy Dorixona 1874 yil may oyida Toshkent shahrida mahalliy aholi mablag’i hisobiga ochilgan. Dorixona muassasalari mulkchilikning shakliga ko’ra, aktsiyadorlik, jamoa va xususiy Dorixonalarga, ishlab chiqarish xususiyatiga ko’ra tayyor dori vositalarini sotadigan hamda dori tayyorlab beradigan (retseptga muvofiq), shuningdek, ulgurji savdo qiladigan va kasalxona hamda poliklinikalar qoshidagi Dorixonalarga bo’linadi. Farmasevtika faoliyati bilan shug’ullanayotgan barcha jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi hududida farmasevtika faoliyati ko’rsatayotgan chet el vakolatxonalarining sub’yektlari ushbu faoliyat bilan shug’ullanishlari uchun litsenziyalari bo’lishi shart.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz