DORIVOR O’SIMLIKLAR



DORIVOR O’SIMLIKLAR – odam va hayvonlarni davolash, kasalliklarning oldini olish uchun, shuningdek, oziq-ovqat, atir-upa va kosmetika sanoatida ishlatiladigan o’simliklar — giyohlar. Yer yuzida Dorivor o’simliklarning 10-12 ming turi borligi aniqlangan. 1000 dan ortiq o’simlik turining kimyoviy, farmakologik va dorivorlik xossalari tekshirilgan. O’zbekistonda Dorivor o’simliklarning 700 dan ortiq turi mavjud. Shulardan tabiiy sharoitda o’saditan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin o’simlik turlaridan ilmiy va xalq tabobatida foydalaniladi. Hozirgi davrda tibbiyotda qo’llaniladigan dori-darmonlarning qariyib 40-47% o’simlik xom ashyolaridan olinadi. O’simliklar murakkab tuzilishiga ega bo’lgan jonli tabiiy kimyoviy laboratoriya bo’lib, oddiy noorganik moddalardan murakkab organik moddalar yoki birikmalarni yaratish qobiliyatiga ega. Dorivor o’simliklarning quritilgan o’ti, kurtagi, ildizi, ildizpoyasi, tuganagi, piyozi, po’stlog’i, bargi, guli, g’unchasi, mevasi (urugi), danagi, sharbati, qiyomi, toshchoyi, efir moyi va boshqalardan dori-darmon tarzida foydalaniladi. Dorivor o’simliklarni 2 xil tasniflash qabul qilingan: 1) ta’sir qiluvchi moddalarning tarkibiga qarab — alkaloidli, glikozidli, efir moyli, vitaminli va boshqalar, 2) farmakologik ko’rsatkichlariga qarab — tinchlantiruvchi, og’riq qoldiruvchi, uxlatuvchi, yurak-tomir tizimiga ta’sir qiluvchi, markaziy nerv sistemasini qo’zg’atuvchi, qon bosimini pasaytiruvchi va boshqalar. Dorivor o’simliklarning ta’sir etuvchi moddalari alkaloidlar, turli glikozidlar (antraglikozidlar, yurakka ta’sir etuvchi glikozidlar, saponinlar va boshqalar), flavonoidlar, kumarinlar, oshlovchi va shilliq moddalar, efir moylari, vitaminlar, bo’yoq moddalar, fermentlar, fitontsidlar, kraxmal, oqsillar, polisaxaridlar, azotli moddalar, moy hamda moy kislotalari va boshqa birikmalar bo’lishi mumkin. Dorivor o’simliklarning organizmga ta’siri uning tarkibidagi kimyoviy birikmalarning miqdoriga bog’liq. Bu birikmalar o’simlikning qismlarida turli miqdorda to’planadi. Dorivor o’simliklarning ta’sirchanlik quvvati hamda sifati yuqori bo’lish davri ularning gullash hamda urug’lash davrining boshlanishi vaqtiga to’g’ri keladi. Dorivor moddalar ba’zi o’simliklarning kurtagi, bargi yoki poyasida, ba’zi o’simliklarning guli yoki mevasida, ba’zilarida ildizi yoki po’stlog’ida to’planadi. Shuning uchun o’simliklarning asosan biologik aktiv moddalari ko’p bo’lgan qismi Yi-g’ib olinadi. O’simliklarning ildizi, ildizpoyasi, piyozi va tuganagi, odatda, o’simlik uyquga kirgan davrda — kech kuzda yoki o’simlik uyg’onmasdan oldin — erta bahorda tayyorlanadi. O’simlikning meva va urug’lari pishib etilganda yig’iladi, chunki ular bu paytda dori moddalariga boy bo’ladi. Yangi yig’ib olingan dorivor o’simlik mahsuloti tarkibida (yer ustki a’zolarida 85% gacha, ildizida 45% gacha) nam bo’ladi. Bu nam yo’qotilmasa (quritish yo’li bilan), o’simlik chirib, dori moddalari parchalanib, yaroqsiz bo’lib qoladi. Odamlar qadim zamonlardan tabiat ne’matlaridan foydalana boshlaganidan buen dorivor o’tlardan kasalliklarni davolashda foydalanib kelganlar. Bundan 3-4 ming yil ilgari Hindiston, Xitoy, Qadimgi Misr mamlakatlarida shifobaxsh o’simliklar haqida ma’lumotlar beruvchi asarlar yozilgan. Sharqda, xususan O’rta Osiyo xalq tabobatida Dorivor o’simliklardan foydalanib davolash o’zining qadimgi an’analariga ega. Shifobaxsh o’simliklardan tibbiy maqsadlarda foydalanish borasida Abu Ali Ibn Sinoning “Al-qonun” asarida 476 ga yaqin o’simlikning shifobaxsh xususiyatlari va ularni ishlatish usullari to’g’risida ma’lumotlar keltiriladi. Hozirgi vaqtda Dorivor o’simliklarning turi ko’payib, xalq tabobati shifobaxsh o’simliklar bilan boyigan. Dorivor o’simliklardan ko’proq, anor, achchiqmiya, bodom, do’g’buy, dorivor gulxayri, yong’oq, jag’-jag’, zubturum, isiriq, itburun, omonqora, pista daraxti, sachratqi, choyo’t, shildirbosh, shirinmiya, shuvoq, yantoq, yalpiz, kiyiko’t, tog’rayhon, qizilcha, qoqio’t va boshqalar tarqalgan. Achchiqmiyadan paxikarpin, oqquraydan pesni davolashda qo’llaniladigan psoralen, isiriqdan Garmin, itsigekdan anabazin, omonqoradan galantamin, shildirboshdan sferofizin va boshqalar alkaloidlar olinadi. Anor pustidan gijja haydovchi pelterin Tanat va ekstrakt tayyorlanadi. Dorivor gulxayri preparatlari balg’am ko’chiruvchi va yumshatuvchi, jag’-jag’ va lagoxilusdan tayyorlangan dorilari qon ketishini to’xtatuvchi, pista bujg’uni va choyo’tdan tayyorlangan dorilar me’da-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. S.Q. Islombekov nomidagi Toshkent farmasevtika zavodida O’zbekistonda o’sadigan va ekiladigan Dorivor o’simliklardan turli-tuman dorilar tayyorlanadi. Dorivor o’simliklarni topish va ulardan alkoloidlar olishda O’zbekistan Fanlar Akademiyasi o’simlik moddalari kimyosi institutining xizmati katta. Institutda 4000 dan ortiq o’simlikning turli organlari alkoloid olish maqsadida o’rganilib, ulardan 1000 ga yaqin tabiiy birikmalar ajratib olingan. Shu asosda tsitizin, galantamin kabi 20 dan ortiq qimmatli preparat yaratilgan va tibbiyotga joriy qilingan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti va Botanika bog’ining efir moyli, dorivor va bo’yoqli o’simliklar lab. ilmiy xodimlari mutaxassislar bilan hamkorlikda O’rta Osiyo hududida ko’p tarqalgan yuqumli kasalliklardan eng xavflisi sariq (gepatit)ni davolashda ekologik jihatidan toza, samaradorligi yuqori bo’lgan Dorivor o’simliklarlar xom ashyolaridan tayyorlangan “safro haydovchi Hojimatov yig’masi”ni yaratdilar va bu yig’ma ilmiy tibbiyotda qo’llashga va ishlab chiqarishga ruxsat etildi (1997). Shuningdek, SamDU Botanika kafedrasida, Toshkent davlat farmasevtika institutida Dorivor o’simliklarni ekib yetishtirish texnologiyasi o’rganilmoqda. Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Xorazm Ma’mun akademiyasida Dorivor o’simliklar yetishtiradigan maxsus xo’jaliklar bor. Yovvoyi Dorivor o’simliklar xom ashyolari asosan “O’zfarmsanoat” respublika davlat-aktsiyadorlik kontserni, matlubot shirkatlari va O’zbekistan qishloq va suv xo’jalik vazirligining “shifobaxsh” ishlab chiqarish birlashmasi xo’jaliklari tomonidan tayyorlanadi. Ad.: Xolmatov H.X., Habibov Z. H., Farmakognoziya [Darslik], T., 1967; Nabiev M, shifobaxsh giyoxlar, T., 1980; Hojimatov Q., Olloyorov M. , O’zbekistonning shifobaxsh usimliklari va ularni muhofaza qilish, T., 1988; Xoliqov K., O’zbekiston janubidagi dorivor o’simliklar, T., 1992; Hoji matov Q.H., Yo’ldoshev K.Y., SHogulomov U.Sh., Hojimatov O.Q., Shifobaxsh giyoxlar dardlarga malham (fitoterapiya), T., 1995; M urdoxaev yu.M. Kultura lekarstvennix rasteniy v Uzbekistane, T., 1988. Qahhor Hojimatov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz