DORIMIY
DORIMIY, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Bahrom ibn Abdusamad at-Termiziy as-Samarqandiy ad-Dorimiy (798— Samarqand, dorim qishlog’i — 869) — buyuk muhaddis. Dastlab o’z yurtida diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini o’rgandi, keyin Qohira, Damashq, Bag’dod, Makka, Madinada, shuningdek, Xurosonning taniqli olimlaridan saboq oldi. Dorimiy, Imom al-Buxoriyning ustozi hisoblanadi. Dorimiy hadis, tafsir, fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko’tarildi. Dorimiyning “Al-Musnad” (“tayanch”), “Attafsir” (“Qur’on sharhi”), “Al-Jome'” (“To’plam”), “As Sulosiyot fil hadiys” (“hadislardagi uchliklar, ya’ni uch o’zak harfli fe’llar”), “kitob as-sunna fil hadiys” (“hadislardagi sunnatlar haqida kitob”) asarlari uning ilmiy-ma’naviy merosini tashkil etadi. Dorimiyning eng muhim asari “al-Musnad” bo’lib, “Sunan ad-Dorimiy” nomi bilan mashhur. 2 jilddan iborat bu asar 1996 yilda Bayrutda chop etilgan. Bu asarda haj, zakot, ro’za, nikoh va taloq, vasiyatnoma va boshqa ko’plab tushunchalar mazmuni, Muhammad (as) ning musulmonlar ijtimoiy va ma’naviy hayotining hamma sohalari yuzasidan aytgan fikrlari tushuntirib beriladi. Bu asar “Assihah assitta” (oltita sahih) kitoblari jumlasiga (Ibn Mojaning “sahih”i o’rniga) kiritilgan. Dorimiy ayrim manbalarga ko’ra, Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududida dafn etilgan. Mahfuza Alimova.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz