DORI CHANGITISH



DORI CHANGITISH – o’simlik zarar kunandalari va kasalliklariga, shuningdek, begona o’tlarga qarshi kukunsimon pestisid(dust)larni sepish; maxsus changlatgichlar bilan sepiladi. Dori changitish vaqtida preparat zarrachalari shamol ta’sirida vaznga qarab har xil uzoqlikka tarqaladi. Zarrachalarning ishlov beradigan yuzaga tushish vaqti ularning kattaligi va og’irligiga bog’liq; dust zarrachalarining kattaligi yer apparatlari uchun 15-25 mkm bo’lishi kerak. Dori changitish asosan ertalab va kechqurun, faqat havo salqin vaqtlarda kunduzi o’tkaziladi, chunki barglarning nam sathi dustlar zarrachalarini yaxshiroq ushlab qoladi. Changitish muddati qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalarining va kasallik qo’zg’atuvchilarining biologik xususiyatlari hamda iqlim sharoitiga qarab belgilanadi. Dori changitishni shamol tezligi 2 m/s bo’lganda o’tkazish lozim. Ba’zan preparatlarning fizik xususiyatlari tarkibiga 3-5% mineral moylar qo’shib yaxshilanadi (bonifikatsiya). Ba’zi pestisidlarning changlagichlardagi harakati natijasida zarrachalar elektr zaryadlanadi, bundan preparatlarning yopishqoqligi va barg sathida ushlanishi ortadi. Bundan tashqari, sertuk, burishgan, gorizontal joylashgan va nam barglarda changsimon preparatlar ko’proqushlanib qoladi. Dori changitishning afzalligi oddiyligidadir, kamchiliklari — shamol ta’sirida pestisidlarning katta maydonlarga tarqalib ketishi, preparat sarf normasining yuqoriligi, dustlar samaradorligining pastligi. Shu sababli qishloq xo’jaligida Dori changitish o’rniga pestisidlarni qo’llashning purkash usuli keng qo’llanilmoqda. Lekin chigirtkalar makonida ularning rivojlanishiga qarshi kurashda Dori changitish asosiy usul hisoblanadi. G’o’za maydonlarida paydo bo’lgan o’rgimchakkana o’choqlariga oltingugurt changitiladi. Dori changitish o’tkazishda pestisidlardan zaharlanishning oldini olish uchun ehtiyotkorlik choralariga amal qilish kerak. Shomil Xo’jayev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz