DORI



DORI — kasalliklarni davolash yoki oldini olish uchun ishlatiladigan modda. Har qanday Dorini odamlarga qo’llashdan oldin hayvonlarda sinab ko’riladi va klinikalarda kuzatiladi. Dorilar kimyo-farmasevtika zavodlarida sintetik moddalardan, o’simlik, hayvon yoki mikrobiologik mahsulotlardan, tez buziladigan ayrim Dorilar esa dorixonalarda tayyorlanadi. Dorilar turli xilda, masalan, suyuq (qaynatma, tindirma, eritma, suspenziya va boshqalar), yumshoq (surtma, liniment, krem, pasta va boshqalar), qattiq (sochma, tabletka, draje, granula va boshqalar) hamda alohida in’ektsiya maqsadlari uchun ampula holida chiqariladi. Ta’siriga ko’ra, yurak Dorilari, surgi, siydik haydaydigan, og’riq qoldiradigan, issiq tushiradigan, narkotik, uyqu keltiradigan va boshqa Dorilar bo’ladi. Bevosita kasallikning qo’zg’atuvchisiga ta’sir qiladigan Dorilar alohida guruhni tashkil etadi, bularga bezgak, zaxm, silga qarshi va boshqa Dorilar kiradi. Ular kimyoviy terapevtik vositalar deb ataladi. Dorilarning shifobaxsh ta’siri bemorning yoshi, ahvoli va dozata bog’liq. Katta doza organizmni zaharlashi, kam doza esa kasallik qo’zg’atuvchisini o’sha Doriga chidamli qilib qo’yishi mumkin. Shuning uchun Dorini faqat vrach buyurgan dozada qabul qilish kerak. Dorilar sirtga ishlatiladi, ichiriladi, nafas yo’li orqali yuboriladi va in’ektsiya qilinadi. Ularning kuchi, ta’siri organizmga qay yo’l bilan va qanchalik tez kiritilishiga bog’liq. Ba’zi Dorilar takror yuborilganda organizmda to’planib ta’sir etadi. Dorini ko’r-ko’rona qabul qilish yaramaydi, chunki ko’p kasalliklar belgisi bir-biriga o’xshaydi, uning uchun keraksiz Dorilarni qabul qilish sog’liqqa zarar yetkazadi. Organizmga kirgan Dorilar qisman parchalanadi va o’zgaradi, keyin buyrak, hazm va nafas yo’llari, ter va boshqalar orqali chiqib ketadi. Dorilar uyda bolalarning bo’yi yetmaydigan joyda saqlanishi kerak. Har bir Dorini yaroqlilik muddati yorlig’ida qayd qilinadi, belgilangan mudsatdan uzoq saqpanganda ta’sirini yo’qotadi. Keyingi yillarda xorijdan keltirilgan Dorilar xili bir qadar ortdi, shu bois uni faqat vrach maslahati bilan qabul qilish zarur. O’zuv Zokirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz