Do`ppi
Doʻppi (oʻzbekcha: دوپپا, uygʻurcha: دوپپا) — yengil bosh kiyimi. Qadimdan eroniy va turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan. Turkiston xalqlari orasida (ayniqsa Oʻzbekiston va Tojikiston hududida) milliy kiyim turiga aylangan. Boshqa xalqlar doʻppilaridan oʻzbek doʻppilari oʻziga xos shakli, bezagi bilan farqlanadi. Doʻppi uch qismdan — tepa (aylana va toʻrtburchak shaklida bichiladi), kizak (gardish shaklida) va jiyakdan tuzilgan, Oʻzbekistonning turli joylarida turlicha bezatiladi; qismlari birlashtirilganda turlicha koʻrinishga ega boʻladi. Doʻppi tikuvchi usta doʻppidoʻz, doʻppi tikish kasbi esa doʻppidoʻzlik deb ataladi.
Doʻppi asosan baxmal, sidirgʻa shoyi, satinga ip, ipak, zar iplar bilan kashta tikib tayyorlanadi. Tayyorlangan joyi (Chust, Margʻilon, Toshkent, Shahrisabz va boshqalar), moʻljallangan kishilarning yoshi va jinsiga (erkak, ayol, bolalar), shakli (oʻtkir uchli, konussimon, yarim doora, chuqur tubli, dumaloq, karjli va boshqalarga) koʻra doʻppilar xilma-xil va rang-barangdir. Dastlabki doʻppilar shakli oʻtkir uchli qilib salla bilan kiyishga moʻljallab kizagi keng jiyakli qilib tayyorlangan. 1920-yillardan doʻppi shakli oʻzgardi: tepasi dumaloq yoki murabba shaklga ega boʻldi, kizakdagi jiyagi ingichkalashdi.
Oʻzbekistonda Chust, Andijon, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Boysun, Shahrisabz doʻppilari mashhur. Chust doʻppisi toʻq yashil shoyi yoki satindan 4 karjli qilib tayyorlanadi: tepasining har bir karjida qalampirnusxa yoki bodom shakli, kizagining har bir karjida 4 tadan mehrob (yarim doira) shaklida kashta bilan sidirgʻa qoplab oq ipda (yoki ipakda) tikiladi. Tayyor doʻppining tepasi kizagidan murabba shaklida boʻrtib chiqadi (boshqa doʻppilarning tepasi yarim doira shaklida boʻladi). Shakli koʻp jihatdan chuyet doʻppisiga oʻxshash boʻlgan margʻilon doʻppisi gullarining (nisbatan ingichka va uzun qalampir shaklining) sidirgʻa qoplanmasligi bilan farqlanadi.
Toshkentning duxoba doʻppisi sidirgʻa baxmaldan, buxoro doʻppisi sidirgʻa yoki gulli baxmaldan tayyorlanadi; buxoro doʻppisiga rang-barang ipak iplarda yoʻrma usulida kashta tikib bezatilgan jiyak tutiladi.
Iroqi doʻppi Shahrisabzda keng urf boʻlgan, keyinchalik boshqa joylarga tarqalib, har bir mahalliy joyning oʻziga xos bezak usulida yaratila boshlandi. Doʻppining bu turida kashta iplari sugʻirilib toʻr holiga keltirilgan matogs (surpga) rangli ipak yoki ingichka tolali paxta ipi bilan iroqi chokda (terma va bosma usulida) tikiladi (nomi shundan). Iroqi doʻppining eng yaxshi namunalari Shahrisabz va Kitob doʻppidoʻzlari tomonidan tayyorlanadi. Toshkent va Fargʻona vodiysida keng tarqalgan iroqi nusxa doʻppining naqsh mujassamoti rang-barang gulli novdalar, ular orasidagi yashil, koʻk tusli qushchalar (bulbullar) shaklidan iborat. Toshkentning iroqi doʻppisida oq zaminga atirgullar toʻq va och qizil ipaklarda (baʼzan „Raʼno“, „Guli“, „Fargʻona tong otguncha“ va boshqa) yozuvlar qoʻshib tikiladi.
Shahrisabzning tepa va kizagi yaxlit (ipak va ipdan) toʻqilgan gilam doʻppisi ham mashhur. Samarqand (Urgut) va Surxondaryoning (Boysunning) dumaloq, shaklli piltadoʻzi doʻppisining naqshi sodda, gullari markazga tomon yoʻnalgan, qaviq choklari esa qovurgʻali yuzani hosil qiladi. Buxoro zardoʻzlarining zardoʻzi-guldoʻzi va zardoʻzi-zamindoʻzi („Yulduz“, „Tovus“ va boshqa) doʻppilari badiiy jiqatdan yuqori baholanadi. Toshkentning sidirgʻa parchadan 4 karjli (karjlari oʻzaro qora xoshiya yoʻllar bilan boʻlingan, har bir karjga yorqin gullagan novdalar tikilgan) doʻppisi va boshqa doʻppilar jozibali qilib tayyorlanadi.
Islomda doʻppi. Islomda bosh kiyimda yurish sunnatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xaloga (hojatxonaga) bosh kiyimsiz kirishdan qaytarganlar. Sababi boshning oʻsha doʻppi berkitib turgan kaftdek qismida jinlarning inson miyasiga kirib joylashishi uchun yoʻllar (kanallar) boʻlar ekan. Agar doʻppi kiyilsa, oʻsha kanal bekitiladi va inson turli nomaqbul ishlardan, xayollardan qutiladi. Buning yana bir sababi shunday izohlanadiki, hojatxonaga kirishda inson yelkasidagi farishtalar joyidan tushib eshik oldida qolar ekan, shayton esa yoʻq. Hojatxona ichida shayton vasvasidan qutilishda oʻsha bosh kiyimi — doʻppi kishining qalqoni boʻladi.
Namoz oʻqilganda ham, albatta, bosh kiyim bilan (doʻppi, salla va h.k.) joynomozga chiqiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam, sahobalar, tobeʼinlar va oʻtgan barcha ulugʻlar bosh kiyim bilan namoz oʻqiganlar.
“Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: „Salla bilan oʻqilgan ikki rakʼat namoz sallasiz oʻqilgan yetmish rakʼat namozdan yaxshidir“, – dedilar". (Daylamiy rivoyat qilgan).
Doʻppiga oid qadriyat. Qadimda doʻppini oyoq ostiga qoʻyish, uni bosish, ustidan hatlab oʻtish doʻppi egasiga behurmatlik, beodoblik sanalgan. Hatto doʻppini oyoqosti qilish, ezgʻilash, yirtib parchalash bilan uning egasiga ziyon-zahmat yetkazish mumkin, deb ishonilgan. Doʻppi insonning boshini himoyalovchi, asrovchi bosh kiyimi boʻlishi bilan birga, unga doʻppi kiygan insonning kuch-quvvati, irodasi, xislatlari oʻtadi, deb ham hisoblangan. Koʻpni koʻrgan, sogʻlom, baquvvat keksalarning taxlangan doʻppisi bilan kinnalab qoʻyish, silash, “emi-demi shu emish” deya urib qoʻyish bemorga quvvat berishiga umid qilganlar.
Doʻppidagi qalampirnusxa. Erkaklar doʻppisida tasviri tushirilgan qalampir nusxaning zamonaviy moda olamida ham oʻrni beqiyos. Bu nusxani jahonda turlicha: “turk loviyasi”, “hind palma bargi”, “fors sarvi”, “turk bodringi”, “sharq bodringi” yoxud “hind bodringi” ham deb yuritiladi. U qanday nom bilan yuritilmasin, uning shakli bir-biriga oʻxshash. Shu boisdan ham turli xalqlarda oʻziga xos maʼno anglatgan ushbu ramzga egalik masalasi jumboq boʻlib qolmoqda.
Taxminlarga koʻra, ushbu belgi milodiy 224-651-yillarda sosoniylar davlatida (hozirgi Iroq va Eron hududlari)da paydo boʻlgan. Matolar savdo-sotigʻi tufayli bu belgi butun Osiyo mamlakatlari, Hindiston va Yevropaga ham kirib borgan. Shu tufayli boʻlsa kerak mualliflikka daʼvogar boʻlayotgan turli mamlakatlar hali-hanuz tortishuvlar girdobida. Oʻzbekistonda embrionga oʻxshab ketadigan ushbu belgi serfarzandlik maʼnosini ham anglatib, bolajon xalqimizning sevimli qalampir nusxasi sifatida qadrlanadi.
Yana qara
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org