Doniyor Abdumannopov




Doniyor Abdumannopov (2000-yil 12-oktyabr) — oʻzbekistonlik professional futbolchi, Namanganning „Navbahor“ jamoasi safida toʻp suradi.

Futboldagi faoliyati




„Andijon“



Doniyor Abdumannopov oʻzining futboldagi ilk faoliyatini „Andijon“ klubi safida boshlagan. 2019-yildan boshlab Abdumannopov asosiy jamoa safida futbol oʻyinlarida ishtirok eta boshlaydi. U klubdagi debyutini 2019-yilning 10-may kuni „Soʻgʻdiyona“ klubiga qarshi oʻyinda oʻtkazadi. Keyinchalik esa butun mavsum davomida Abdumannopov zaxiraga oʻtkaziladi va yoshlar tarkibida oʻz oʻyinlarini davom ettiradi.

2020-yil boshida futbolchi asosiy jamoa bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ishlarini boshlaydi. U mavsumdagi ilk oʻyinini 2020-yil 28-fevral kuni „Lokomotiv“ jamoasiga qarshi oʻtkazadi va oʻyin oxiriga kelib zaxiradan maydonga tushadi. 2020-yilning avgust oyida Abdumannopov faollikni oshiradi va shu orqali klubning asosiy jamoasi safida toʻp sura boshlaydi. Futbolchi klubdagi ilk golini 2020-yilning 30-sentyabr kuni Bekobodning „Metallurg“ klubiga qarshi oʻyinda kiritadi. Mavsum oxiriga kelib, futbolchi klub bilan birgalikda pley-off oʻyinlariga yoʻl oladi. 2020-yil 15-dekabr kuni „Neftchi“ ga qarshi oʻtkazilgan pley-off oʻyinlarida futbolchi raqib darvozasiga gol urishga muvaffaq boʻladi va klubning Superligada qolishiga oʻz hissasini qoʻshadi.

Yangi mavsum oʻyinlari 2021-yil 11-mart kuni „Qizilqum“ klubiga qarshi kechgan bahslarda boshlanadi. 2021-yilning 20-mart kuni „Bunyodkor“ klubiga qarshi bahsda sheriklariga golli uzatmani oshirib, oʻzining mavsumdagi ilk eng yaxshi oʻyinini oʻtkazishga muvaffaq boʻladi. Abdumannopov ilk golini 2021-yilning 27-iyunida AGMK klubiga qarshi kechgan oʻyinda uradi.


Soʻgʻdiyona



Doniyor Abdumannopov Jizzaxning „Soʻgʻdiyona“ klubida ham toʻp surgan. 2022-yilning yanvarida ijara asosida Oʻzbekistonning „Soʻgʻdiyona“ klubiga oʻtadi. U klubdagi debyutini 2022-yil 11-mart kuni „Dinamo“ klubiga qarshi oʻyinda oʻtkazadi. Klubdagi debyut golini esa 2022-yil 26-aprel kuni „Navbahor“ klubiga qarshi oʻyinda raqib darvozasini ishgʻol qilish bilan amalga oshiradi. Keyinchalik futbolchi yana 2 ta uchrashuvda 2 ta gol urishhga muvaffaq boʻladi. 2022-yilning iyuliga kelib Doniyor Abdumannopov Jizzaxning „Soʻgʻdiyona“ klubini tark etadi.

Navbahor



Doniyor Abdumannopov „Navbahor“ klubi futbolchisi sifatida ham oʻz oʻyinlarini olib borgan. 2022-yilning iyul oyida ushbu klubga oʻtadi. U klubdagi ilk oʻyinini 2022-yil 2-avgust kuni „Nasaf“ klubiga qarshi kechgan bahslarda oʻtkazadi. Abdumannopov oʻz oʻrnini klubning asosiy tarkibida mustahkamlab qoʻyishga erishadi, lekin asosiy jamoa zaxira oʻyinchisi boʻlib qoladi, koʻp hollarda klub safida kechgan oʻyinlarda ikkinchi boʻlimning oʻrtalarida zaxiradan maydonga tushadi. Klub bilan birgalikda Oʻzbekiston kubogi finaliga qadar yetib boradi va 2022-yil 30-oktyabr kuni „Nasaf“ klubi bilan oʻyinlarda toʻqnash kelib, klub safida debyut golini urishga muvaffaq boʻladi. Aynan ana shu goli tufayli oʻyinni durangga olib keladi. Ammo qoʻshimcha boʻlimlarda raqiblarning qoʻli baland keladi va klub ushbu oʻyinni raqiblariga boy beradi. Abdumannopov chempionatdagi ilk golini 2022-yil 12-noyabr kuni AGMK klubiga qarshi soʻnggi tur oʻyinida kiritadi. Mavsum yakunida futbolchi Superliganing kumush medali sohibiga aylanadi. 2023-yilning yanvar oyiga kelib esa klubni tark etadi.

Energetik BGU



2021-yilning iyul oyida futbolchiga Belarusning „Energetik-BGU“ klubi qiziqish bildiradi. Doniyor Abdumannopov ushbu klub safida bir mavsum davomida oʻz oʻyinlarini olib boradi. 2021-yil avgust oyida u klub bilan mashgʻulotlarni boshlaydi va 2021-yil 7-avgust kuni Belarus kubogi doirasida „Neman Grodno“ga qarshi oʻyinda oʻz debyut oʻyinini amalga oshiradi. Ertasi kuni esa futbolchi klubga rasman tanishtiriladi va Premyer-ligadagi debyut uchrashuvini 2021-yil 22-avgust kuni BATE Borisovga qarshi kechgan oʻyinda oʻtkazadi. Biroq keyinchalik futbolchi asosiy jamoadagi oʻrnini yoʻqotadi va klub bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi.

Yutuqlar




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz