Donador oʻgʻitlar
Donador oʻgʻitlar — mayda donali (kattaligi 1—4 mm granula) oʻgʻitlar. Ammiakli selitra, ammofos, mochevina (karbamid) va b. koʻpgina murakkab oʻgʻitlar donador holda ishlab chiqariladi. Sochiluvchan, nam tortmaydi, yaxshi agrotexnik xususiyatlariga ega. Sochib solingan D. oʻ. ning tuproq, mikroflora va oʻsimlik bilan oʻzaro taʼsirlashishi kukunsimon oʻgitlarnikidan farq qiladi. Donadorlangan superfosfat tuproq bilan anchagina kam taʼsirlashadi, fosforning oz qismi oʻsimlik qiyin oʻzlashtiradigan shaklga oʻtadi. Superfosfat donalari tuproqda konsentratsiyasi har xil fosforli manbalar hosil qiladi; shuning uchun D. oʻ. oʻsimliklarning oziq moddalarni oʻz tabiatiga mos keladigan manbalardan oʻzlashtirib olishiga imkon beradi. Fosfor donadan tashqariga kapillyar va gravitatsion suv yordamida tarqaladi (diffuziyalanadi). Oʻsimliklar fosforni donaning aynan oʻzidan emas, balki uni oʻrab turgan tuproqdan (1,5—3 sm va kamdan-kam 7 sm gacha radiusda) oladi. Suvda eriydigan mineral oʻgʻitlarni donador holda, fosforit uni, ohak va b. ni koʻproq kukun holida ishlatgan maʼqul. Olmaliq "Ammofos", Chirchiq "Elektrkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyatlari, Samarqand kimyo zdida D. oʻ. ishlab chiqariladi.
Adabiyot
uz.wikipedia.org