DONADOR O’G’ITLAR



DONADOR O’G’ITLAR — mayda donali (kattaligi 1-4 millimetr granula) o’g’itlar. Ammiakli selitra, ammofos, mochevina (karbamid) va boshqa ko’pgina murakkab o’g’itlar donador holda ishlab chiqariladi. Sochiluvchan, nam tortmaydi, yaxshi agrotexnik xususiyatlariga ega. Sochib solingan Donador o’g’itlarning tuproq, mikroflora va o’simlik bilan o’zaro ta’sirlashishi kukunsimon o’gitlarnikidan farq qiladi. Donadorlangan superfosfat tuproq b-n anchagina kam ta’sirlashadi, fosforning oz qismi o’simlik qiyin o’zlashtiradigan shaklga o’tadi. Superfosfat donalari tuproqda kontsentrasiyasi har xil fosforli manbalar hosil qiladi; shuning uchun Donador o’g’itlar o’simliklarning oziq moddalarni o’z tabiatiga mos keladigan manbalardan o’zlashtirib olishiga imkon beradi. Fosfor donadan tashqariga kapillyar va gravitasion suv yordamida tarqaladi (diffuziyalanadi). O’simliklar fosforni donaning aynan o’zidan emas, balki uni o’rab turgan tuproqdan (1,5—3 santimetr va kamdan-kam 7 santimetrgacha radiusda) oladi. Suvda eriydigan mineral o’g’itlarni donador holda, fosforit uni, ohak va boshqalarni ko’proq kukun holida ishlatgan ma’qul. Olmaliq “Ammofos”, Chirchiq “Elektrkimyosanoat” aktsiyadorlik jamiyatlari, Samarqand kimyo zavodida Donador o’g’itlar ishlab chiqariladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz