DON YIG’ISH KOMBAYNI



DON YIG’ISH KOMBAYNI, g’alla yig’ish kombayni — boshoqli don ekinlari (bug’doy, arpa, sholi)ni bir yo’la o’rish, g’alla massasini uyumdan ajratib olish va boshoqlarini yanchib donini ajratish, tozalangan donni bunkerga uzatish, so’ngra transport vositalariga ortish, poxol va somonlarni uyum qilib dalada qoldirish yoki maydalab dalaga sochish va boshqa ishlarni bajaradigan qishloq xo’jalik mashinasi. Uni maxsus moslamalar bilan jihozlab, uzel va mexanizmlari ish rejimini o’zgartirib undan don o’rish mashinalari bilan hosil qilingan uyumlar qatorini yig’ishda, silos bostirishda va donga mo’ljallangan makkajo’xori, kungaboqar va boshqa ekinlarni o’rishda foydalanish mumkin. Don yig’ish kombaynining o’ziyurar va tirkama xillari bor. Tirkama Don yig’ish kombaynining ish organlari tirkalgan traktorning quvvat olish validan yoki kombayndagi dvigatellar yordamida harakatlantiriladi. O’ziyurar Don yig’ish kombayni esa kombaynga o’rnatilgan dvigateldan harakatlanadi. Dastlabki Don yig’ish kombayni 19-asr oxirida AQSh da tayyorlangan. Bu kombayn 20-30 ot bilan tortib yurilgan. 20-asr 20-yillariga kelib ancha takomillashtirilgan; barcha yog’och qismlar metallga almashtirilgan. Ish organlari ichki yonuv dvigatellari bilan harakatga keltirilgan. Ot o’rniga dastlab Lokomotiv, keyin traktordan foydalanilgan. 30-yillarda ko’proq tirkama Don yig’ish kombayni tayyorlashga e’tibor berilgan. Keyinchalik tirkama kombaynlar ishlab chiqarish keskin qisqardi. 1962 yildan boshlab Rossiyada SK-4, SK- 5, SK-5A “Niva”, SK-6 “Kolos” SK-6-8 rusumli o’ziyurar kombaynlar chiqarila boshlandi. Don yig’ish kombayni vazifasiga, energetika vositasiga qo’shilishiga, o’rilgan g’allaning kombayn ichida xarakatlanish yo’nalishiga, yurish qismi va ish qurilmalarining turiga, bunker, motor va kabinaning joylashish o’rniga hamda ish unumiga qarab tasniflanadi. Don yig’ish kombayni g’alla o’rish, uyumlar qatorini yig’ish, yanchish-ajratish-tozalash, poxol-somonni g’aramlash qismlaridan iborat. Yanchish qismi ko’ndalang joylashgan bir yoki ikki barabanli va bo’ylama yo’nalishda joylashgan aksial-rotorli bo’ladi. Bir barabanli Don yig’ish kombayni harakatlanganda motovilo poyalarni qirqish apparatiga uzatadi, qirqilgan poyalar shnek yordamida qiya kameraga uzatiladi. Kamera ichidagi transportyor g’allani yuqoriga, yanchgichning qabul biteriga, qabul biterining tishli plankalari g’allapoyalarni qisman maidalab va tekis yoyib, yanchish barabani (savag’ichli va tishli) ga uzatadi. Unda boshoqlar baraban ostligiga zarb bilan urilib ishqalanadi. Boshoqlardan ajralgan don va mayda xascho’plar baraban ostligi ko’zlaridan o’tib pastga, elash taxtasiga tushadi. Poxol va uning ichida qolgan boshoklar va donlar qaytarish biteri yordamida klavishli poxol elagichga uzatiladi. Unda elangan boshoqlar va donlar ajralib, elash taxtasiga tushadi. Elash taxtasi tebranganda donlar quyi qatlamda, yengil somonqipiklar esa ustki qatlamda siljiydi. Donlar taroq ko’zlaridan to’kilib, ustki g’alvirning boshlanish qismiga, somonqipiqlar esa taroq sirtidan g’alvirning o’rta qismiga tushadi. Toza don ostki galvirga, undan elevator orqali bunkerga uzatiladi. Yengil somon-qipiqlarni ventilyator olib ketadi. Yanchilmagan boshoqlar ustki g’alvir oxiridagi jalyuzali uzaytirgich ko’zlaridan to’kilib, boshoqlar shnegiga, undan qaytarish biteriga uzatiladi. Biter aralashmani qayta yanchish barabaniga uzatadi. Poxol-somonlar garamlagichda zichlanadi. Poxol-somonlarni ang’izga uyum shaklida to’kishda g’aramlagich va uzatgichlar yechib olinadi. Poxollarni maidalab dalaga sochish lozim bo’lganda pichoqli va ventilyatorli maxsus moslama o’rnatiladi. Aksial-rotorli Don yig’ish kombayni (Rossiyaning don-2600, AQSh ning “Massey Ferguson” don yig’ish kombaynlari) quyidagicha tuzilgan. Old tomonga qiya o’rnatilgan rotorning bosh qismiga juda mustahkam ikki kurakli vintsimon parrak o’rnatilgan. Par-rak zanjir-plankali qiya transportyordan g’allani qabul qilib olib, rotorning ish qismiga yo’naltiradi. Rotorning oldingi qismida boshoqlar yanchiladi, ketingi qismida esa poxoldagi donlar ajratiladi. Rotorning yanchish qismiga vint yo’nalishida savag’ichlar o’rnatilgan, ajratish qismiga esa, oddiy to’g’ri plankalar biriktirilgan. Baraban ostligidan o’tgan donlar to’rt qator o’rnatilgan shneklarga, bulardan esa shamol-g’alvirli tozalagichning ustki, so’ngra ostki jalyuzali g’alvirlariga, bulardan esa don shnegiga tushadi. Havo oqimi kuchli diametral ventilyator bilan hosil qilinadi. Rotor bilan baraban ostligi orasidagi tirqish katta bo’lganidan, donlar shikastlanmaydi, yanchish jarayoni rotor bo’ylab davom etgani uchun boshoqlar to’liq yanchilib, ko’proq don olinadi. Poxol-somonlar pichoq bilan maydalanib dalaga sochiladi yoki qator uyumga tashlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz