DON YETILISHI



DON YETILISHI, don to’lishishi — g’alla ekinlari donining iste’mol qilinadigan darajada pishishi. Don yetilishi dumbullik ,va tuda (texnik) pishish (mum kabi yumshoqroq) davrlariga bo’linadi. Sutlanish davrida don tuda shakllangan, rangi yashil, tarkibida 50% atrofida suv bo’ladi, quruq modda to’planishi davom etadi, barmoq bilan ezilganda ichidan sutga o’xshash suyuqlik chiqadi. O’simlikning eng pastki birinchi va ikkinchi tartib barglari sarg’aygan, qolganlari yashil rangda bo’ladi. Mum pishish davrida don sal sarg’ayadi. Bu davrning boshlarida donda quruq modda to’planishi to’xtaydi, u ancha yumshoq, sernam bo’ladi. Shu davrning oxiriga borib, dondagi nam 22— 30% gacha kamayadi, don zichlashadi. Boshoqli ekinlarda asosiy poya sarg’ayadi, faqat poyaning yuqori qismigina yashilligicha qoladi. To’la pishish davriga o’tganda o’simlik tupi uchigacha sarg’ayadi, doni qotadi. Makkajo’xori, oq jo’xori, tariq, sholida don yetilishi va poyalar qurishi o’zgacha o’tadi. Masalan, makkajo’xorining ayrim navlarida don to’la etilganda ham poya va barglar yashil holda qolaveradi. Bu esa don uchun ekilgan makkajo’xori poyalarini silos qilish imkonini beradi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz