DON PARVONASI
DON PARVONASI, ombor parvonasi (Ephestia elutella NV.) — parvonalar (Pyralididae) oilasiga mansub ombor zararkunandasi. Kavkaz, O’rta Osiyoda ko’p uchraydi. Qurti don, don mahsulotlari, kakao dukkagi, kofe doni, meva qoqilari va boshqa zararlaydi. Kapalagi qanoti yozilganda 12-17 millimetr. Oldingi qanotlari och kulrang, cheti qizg’ish yoki qo’ng’ir. Tuxumi oq, dumaloq (diametri 0,35—0,45 millimetr). Qurti 12-13 millimetr, duksimon, xira oq. G’umbagi 0,5—6,5 millimetr, sarg’ish-qo’ng’ir. Kurtlik davrida qishlaydi. Urg’ochisi 150 tagacha tuxum qo’yadi. Tuxumdan 4-5 kunda qurt chiqadi. Qurtlik davri 40— 80 kun, g’umbaklik davri 6-11 kun. Yiliga 2-4 avlod beradi. Kurash choralari: omborlar yangi hosilni qabul qilishdan oldin devor yoriqlari geksaxloran dusti aralashtirilgan loy bilan suvaladi, bino atrofi tozalanadi. Bino ichi, asbob-uskunalar preparatlar suspenziyasi yoki emulsiyasi bilan dorilanadi va aerozol shashkalar tutatiladi, ombor deraza va eshiklari zich yopilib, metil bromid (1 m3 hajmga 40 g), xlorpikrin (1 m3 hajmga 25-40 g) va dixloretan (1 m3 hajmga 280-300 g) b-n dezinfektsiya qilinadi. Lutfi Mirmaqsudova.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz