DON OT ZOTI



DON OT ZOTI — salt miniladigan va aravaga qo’shiladigan ot zoti. Don kazaklari tomonidan don daryosi havzasidagi dasht mintaqasida mahalliy otlarni, 15-19-asrlarda mahalliy Janubiy Rossiya zotlarini Qorabog’, fors, Arab, sof naslli turkman ot zotlari bilan chatishtirib yaratilgan. Don ot zotining tusi malla, jiyron, gavdasi yirik. Yozning jazirama issiq va qishning sovuqlariga bardoshli. Yag’rini balandligi 160-163 santimetr, tana qiya uzunligi 162-165 santimetr, ko’krak aylanasi 195-198 santimetr, pocha aylanasi 20-21 santimetr. Chopqirlikda uch yoshlisi 2400 metr masofani 2 minut 43,2 sekundda bosib o’tgan. Rossiyaning Rostov, Qozog’istonning Janub viloyatlarida urchitiladi. Ko’pgina mamlakatlarda, jumladan, O’rta Osiyoda mahalliy ot zotlarini yaxshilashda foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz