DON O’RISH MASHINALARI
DON O’RISH MASHINALARI, g’alla o’rish mashinalari — boshoqli va dukkaklidon ekinlarini o’rib, dalada qator uyum shaklida qoldiruvchi mashinalar. O’riladigan ekin turiga ko’ra g’allao’rgich, sholio’rgich va no’xat-o’rgichlarga; traktorga ulanishiga ko’ra tirkama va o’rnatma xillarga bo’linadi. Asosiy qismlari: motovilo, qirqish (o’rish) apparati, tasmali transportyor va traktorning ketingi quvvat olish validan harakat uzatish mexanizmidan iborat. Motovilo 5 yoki 6 plankali bo’lib, g’alla poyalarini pichoqqa, qirqilgan poyalarni esa transportyorga uzatadi. Plankalar xaskashlar (taroqsimon joylashgan chiviqlar) bilan jihozlangan. Xaskashni ekstsentrikli mexanizm yordamida harakat yo’nalishiga nisbatan old tomonga -15° yoki orqaga +15-30° qiyalantirish mumkin. Segment-barmoqli qirqish apparatining trapesiyasimon segmentli pichog’ini krivoship-shatunli mexanizm ilgarilanma-qaytma harakatga keltiradi. Qo’zg’almas barmoqlarga qarshi qirqish plastinalari biriktiriladi. Qator uyumni shakllantirish usuliga qarab bir, ikki vauch oqimli Don o’rish mashinalari bo’ladi. Qator uyumlarda g’alla ko’pi bilan 7 kun yotganda poyalarning namligi kamayadi, donlari esa to’lishib etiladi, so’ngra don yig’ish kombaynlari bilan yig’ib olinadi. Kombayn kerakli nagruzka bilan ishlashi uchun qator uyumning 1 metr uzunlikdagi vazni 2,5—4 kilogramm bo’lishi lozim. Asosiy ko’rsatkichlar: qamrash kengligi 5 va 6 metr (AQSh ning Keys 8200 Don o’rish mashinalarida 6,4— 10,67 metr); pichoq yo’li 76,2 millimetr; qirqish balandligi 50— 400 millimetr; motoviloning aylanish tezligi 32-50 ayl/min; ish tezligi 7-12 km/ soat. Traktorlarga tirkab ishlatiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz