DON KUYASI



DON KUYASI (Sitotroga cerealella Oliv.) — xavfli ombor zarrarkunandasi. Qurti (lichinkasi) makkajo’xori so’talari, arpa, sholi, bug’doy, javdar, shuningdek, suli, oq jo’xori va dukkakli ekinlar donini shikastlaydi. Kapalagi 6-9 millimetr, qanoti yozilganda 11 — 19 millimetr. Oldingi qanotlari uchli, uchida ingichka tillarang popugi bor, qanoti asosidan qora chiziq o’tgan. Qurti 7-8 millimetr, oqish, boshi qo’ng’ir, harakatchan, don mag’zini yeb, shu joyda g’umbakka aylanadi. G’umbagi 6-6,5 millimetr, rangi to’q qo’ng’ir. Don kuyasi pillaga o’ralgan qurtlik holida qishlaydi, ko’klamda g’umbakka aylanadi. G’umbaklik davri 10-15 kunga boradi, keyin kapalakka aylanib, urg’ochisi don yuzasiga 200 tagacha tuxum qo’yadi. Bir yilda 5-8 nasl beradi. Tuxumi rivojlanishi uchun 27— 28° harorat va don namligi 12%dan yuqori bo’lishi kerak. Tuxumdan 10-15 kunda qurt chiqadi, don bilan ovqatlanadi, kuzda omborning devor va poliga o’rmalab chiqib, pilla o’raydi. O’zbekistonning Janubiy rayonlarida dala ekinlariga ham zarar yetkazadi. Kurash choralari: ombor ichi, asbobuskunalar yangi hosil qabul qilinguncha insektisidlar va boshqalar. Preparatlar suspenziyasi yoki ularning emulsiyasi bilan dorilanadi, eshik va derazalari zich yopilib, metil bromid, xlorpikrin yoki dixloretan preparatlari bilan dezinfektsiya qilinadi. Lutfi Mirmaqsudova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz