DON EKINLARI



DON EKINLARI, donli ekinlar — don uchun ekiladigan eng muhim qishloq xo’jalik ekinlari guruhi; Don ekinlari doni insonning asosiy oziq-ovqat mahsuloti; sanoatning ko’pgina tarmoklari uchun xom ashyo, shuningdek, chorva mollari uchun yem. Donining tarkibi va mahsuloti iste’mol qilinishi jihatdan g’alladoshlarga mansub g’alla ekinlari (bug’doy, javdar, arpa, iyuli, suli, makkajo’xori, jo’xori va boshqalar), shu jumladan yormabop ekinlar (tariq, jo’xori va marjumak va boshqalar), dukkakdoshlarga mansub dukkakli don ekinlari (loviya, no’xat, soya, vika va boshqalar) bo’linadi. Don ekinlari ichida g’alla ekinlari yetakchi rol o’ynaydi. Botanik shakli xilma-xilligiga qaramay, ular ko’pgina umumiy morfologik xususiyatlarga ega. Poyasi — havol poxolpoya (bug’doy, sholi, suli) yoki yumshoq to’qimalar bilan to’lgan (makkajo’xori, jo’xori). Bargi qin hamda tasmasimon shakldagi barg plastinkasidan iborat. Qinning barg plastinkasi bilan tutash joyida ingichka tilcha bo’lib, u poxolpoya bilan tutashgan bo’ladi. Tilchaning har ikkala tomonida quloqchalar joylashadi, ammo ayrim g’alla ekinlari (suli, sholi) da quloqchalar bo’lmaydi. To’pguli boshoq (bug’doy, javdar, arpa) yoki ro’vak (suli, tariq, sholi, jo’xori). G’alla ekinlari to’pguli bir qancha boshoqlardan tashkil topadi, ular boshoq do’ngchalarida yoki ro’vakning Markaziy va yon shoxchalarida joylashadi. Gullari ikki jinsli, makkajo’xorida ayrim jinsli. Mevasi doncha. G’alla ekinlari doni tarkibida uglevodlar (quruq moddaga nisbatan 60-80%), oqsil (quruq moddaga nisbatan 7-20%), fermentlar, vitaminlar V, RR va provitamin A ko’p. Vegetatsiya davriga qarab Don ekinlari kuzgi hamda bahorgi (ertagi va kechki) ga bo’linadi. Don ekinlari dunyoning dehqonchilik qilinadigan jami mintaqalarida tarqalgan. Uning Janub va shimol tarqalish chegaralari dehqonchilik chegaralari bilan mos keladi. Bug’doy barcha qit’alarda ekiladi, sholi Osiyoda, makkajo’xori shimol Amerikada, javdar Yevropada, suli Shimoli Amerikada va Yevropada, tariq va sorgo Osiyo va Afrikada eng ko’p maydonlarni egallaydi. Jahon bo’yicha Don ekinlarining jami maydoni 679983 ming gektar, yalpi hosil 2064178 ming tonna, hosildorlik 30,3 tsentner/gektarni tashkil etadi. Jumladan, bug’doy 215272 ming gektar, yalpi xreil 583624 ming tonna, hosildorlik 27,1 tsentner/ gektar, makkajo’xori 139214 ming gektar, yalpi hosil 600418 ming tonna, hosildorlik 43,13 tsentner/gektar, arpa 56410 ming gektar, yalpi hosil 130064 ming tonna, hosildorlik 23,06 tsentner/gektar, sholi 155128 ming gektar, yalpi hosil 596485 ming tonna, hosildorlik 38,4 tsentner/gektar (1999). O’zbekistonning sug’oriladigan sharoitida 20-asrning 90-yillaridan boshlab Don ekinlaridan bug’doy, makkajo’xori, arpa, sholi g’o’za-g’alla-beda almashlab ekishda asosiy ekin sifatida ekiladi. Respublikada don ekinlari maydoni 1611,9 ming gektar, shu jumladan bug’doy 1354,8 ming gektar, sholi 129,8 ming gektar maydonga ekildi (2000). Yalpi hosil jami don ekinlari bo’yicha 3915,7 ming tonna, hosildorlik 26,9 tsentner/gektar, shu jumladan bug’doy bo’yicha tegishlicha 3521,7 ming tonna, 27,5 tsentner/gektar, sholi — 154,8 ming tonna, 23,9 tsentner/gektar, makkajo’xori (don uchun) — 131,4 ming tonna, 31,6 tsentner/gektar bo’ldi. Don ekinlari o’tmishdoshi g’o’za va unga yo’ldosh ekinlar hisoblanadi. Sug’orish sharoitida Don ekinlaridan yuqori hosil olishning asosiy shartlari: serhosil navlarni ekish, o’g’itni ilmiy asoslangan me’yorda solish, o’z vaqtida sug’orish, begona o’tlarni yo’qotish, o’simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, almashib ekish qoidalariga rioya qilish. O’zbekistonda Don ekinlarini yetishtirish bo’yicha asosiy ishlar (tuproqqa ishlov berish, ekish, hosilni yig’ib olish va boshqalar) to’la mexanizatsiyalashgan. Qo’ziboy Dushamov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz