DON, DONCHA



DON, DONCHA (caryopsis) — g’alla ekinlari mevasi yoki dukkakli don o’simliklar urug’i; dehqonchilikda yetishtiriladigan asosiy mahsulotlarning biri. Don odam iste’mol qiladigan oziq-ovqat, un, pivo, kraxmal-patoka, spirt, aralash yem tayyorlash uchun xom ashyo hamda qishloq xo’jalik hayvonlari uchun to’yimli ozuqa. Donni qayta ishlab olingan mahsulotlar non, makaron, kandolatchilik korxonalarida ishlatiladi. Insoniyat oqsilning 50%, uglevodlarning 70%, yog’larning 15% ini Don mahsulotlaridan oladi. G’alla ekinlari doni bir urug’li quruq meva; bug’doy, javdar, makkajo’xori va arpa bilan sulining yalang’och donli shakllarida po’stsiz hamda suli, arpa, sholi, tariq va boshqalarda yupqa po’stli bo’ladi. Donning asosiy qismi endospermdan iborat. Don tegirmonda tortilganda endospermdan unning muhim qismi hosil bo’ladi. Endosperm hujayralarining ko’p qismi kraxmal va oqsil moddalar bilan to’lgan. Endospermning oxirgi qavati — aleyron qavat oqsil va yog’ga boy. Navli un tortishda bu qavat kepakka qo’shilib ketadi (odam organizmida yaxshi hazm bo’lmaydi). Donning ichki tuzilishi undagi kraxmal donachalarining joylashishi hamda xossalariga, oqsillarning xossalari va taqsimlanishiga qarab shaffof (shishasimon), yarim shaffof va unsimon bo’ladi. Donning uchki qismida murtak bo’lib, unda oqsil, yog’, qand, vitaminlar va fermentlar ko’p. Bug’doy doni vaznining 81-84,2% endosperm, 6,8— 8,6% aleyron qavat, 1,4-3,2% murtak va 3,1—5,6% po’stdan iborat. Donning oziqovqatlik va yemlik qimmati undagi moddalar va ularning tarkibiga bog’liq. Dukkakli Don ekinlarining pishgan donida endosperm bo’lmaydi. Urug’pust (qobig’i) bilan qoplangan, uning ostida murtak joylashgan. Don tarkibidagi uglevodlarning asosiy qismi kraxmaldir. Klechatka bilan gemisellyuloza hujayra qobig’i tarkibiga kiradi. Qandlardan maltoza, glyukoza va fruktoza bor. Bug’doy donining oqsillari, asosan, gliadin va glyutelinlarga kiradi. Bug’doy oqsillari xamir qorishda suv bilan birikib kleykovina hosil qiladi, xamirning cho’ziluvchanligi, g’ovakligi va nonning xajmi kleykovinaning miqdori hamda sifatiga bog’liq bo’ladi. Dukkakli don ekinlari donining oqsillari, asosan globulinlar va ozroq albuminlardan iborat. Ular g’alla ekinlari oqsillariga qaraganda to’yimliroqdir. Yog’lar asosan murtakda, yer yong’oq bilan soyada urug’pallalarda ko’p bo’ladi. Don kuli tarkibida fosfor, kaliy, magniy, kaltsiy, kremniy va boshqalar elementlar bor. Fermentlar (amilaza, maltoza, saxaroza, lipaza va boshqalar), asosan, murtakda to’plangan. Don tarkibida vitaminlardan tiamin (V,), riboflavin (V2), piridoksin (V6), nikotinamid (RR), askorbat kislota (S) va boshqalar bor. Donning sifati yangiligi, rangi, hidi, ta’mi, toza-iflosligiga, zararkunanda hamda kasalliklar bilan zararlanish darajasi va boshqalar ko’rsatkichlarga qarab baholanadi. Omborlarda saqlanadigan Don namligi 14-17%, iflosligi 1% dan ortiq bo’lishiga yo’l qo’yilmaydi. Rixsivoy Jo’rayev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz