DON



DON (Yunoncha nomi Tanais) — Rossiya Federatsiyasining Yevropa qismidagi daryo. Uzunligi 1870 kilometr. Havzasining maydoni 422 ming kilometr kvadrat. O’rta Rossiya qirlarining Sharqiy yon bag’ridan boshlanib, Azov dengizining Taganrog qo’ltig’iga quyiladi. Yuqori qismi tor vodiydan oqadi; o’ng qirg’og’i baland (90 metrgacha), sohilida jar ko’p. Chuqurligi 20 metrgacha. Donga o’ngdan Severskiy Dones, chapdan Medvedisa, sal irmoqlari quyiladi. Donning quyi qismida Tsimlyansk suv ombori va GES bor. Rostov-don shahridan quyida Donning deltasi (maydoni 340 kilometr kvadrat) boshlanadi. O’rtacha suv sarfi 935 metr kub/ sekund. Don kema qatnaydigan Volga-don kanali orqali Volga bilan bog’langan. Asosan qor va yomg’irdan suv oladi. Noyabr va dekabrda muz bilan qoplanib, martda muzdan bo’shaydi. Donda sosna daryosi quyilish yeridan 1604 kilometrgacha, Liski shahridan 1355 kilometr masofada muntazam kema qatnaydi. Baliq ovlanadi. Don bo’yida kalach-don, Rostov-don, Azov shaharlari joylashgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz