DOMINIKANA RESPUBLIKASI



DOMINIKANA RESPUBLIKASI (Republica Dominicana) — katta Antil orollari guruhidagi Gaiti orolining Sharqiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 48,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 8,5 million kishi (1999). Ma’muriy jihatdan 29 viloyat va 1 milliy okrugga bo’linadi. Poytaxti — Santo-Domingo shahri. Davlat tuzumi. Dominikana Respublikasi — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1966 yil 28 noyabrda qabul qilingan; 1994 yil o’zgartishlar kiritilgan. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident, u umumiy ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy Kongress (parlament) amalga oshiradi. Parlamentning ikkala palatasi — Senat va deputatlar palatasi umumiy ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident tomonidan tayinlanadigan hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Dominikana Respublikasining sohillari ko’pgina qo’ltiqlar bilan parchalangan. Hududining yarmidan ko’pi tog’ bilan qoplangan. Markaziy qismida Kordilera-Sentral (Duarte tog’i, balandligi 3175 metrgacha), shimolda Kordilera-Septentri-onal (balandligi 1249 metrgacha), sharqda Kordilera-Orental (balandligi 701 metrgacha) tizmalari bor. Janub sohili yaqinidagi Saona, Katalina, Beata orollari ham Dominikana Respublikasiga qaraydi. Tog’lar oralig’idagi Sibaova Vega-Real vodiysining tuprog’i g’oyat serunum bo’lib, u yerda qishloq xo’jalik mahsulotining ko’p qismi yetishtiriladi, qishloq aholisining aksariyati yashaydi. Dominikana Respublikasidagi vulkanlar so’ngan bo’lsa xam, ammo tez-tez zilzila bo’lib turadi. Iqlimi — tropik, passat iqlim. Pasttekisliklarda o’rtacha oylik temperatura 25-27°, tog’larda bundan 10— 12° salqinroq. Yiliga 1000-2000 millimetr yog’in yog’adi, tropik dovullar bo’lib turadi. Tog’lardan boshlanadigan daryolar mamlakatni boshdan oyoq kesib o’tadi. Yirik daryolarda kema qatnaydi. Tog’lar tropik o’rmon, savanna va butazorlar bilan qoplangan. Qimmatbaho yog’och olinadigan daraxt turi ko’p. Mineral buloqlar bor. Milliy bog’lari: Arman-do-Bermudes, Del-Este, Los-Aytises. Aholisining asosiy qismi dominikanlar, ularning 73% ispan-nef duragaylari, 11% negrlar, 15% oq tanlilardir. Rasmiy til — ispan tili. Aholisining ko’pchiligi katoliklar. 60% dan ortiq aholi shaharlarda yashaydi. Tarixi. Bu yerda 15-asr oxirigacha urug’chilik bosqichidagi indeys qabilalari: Siboney, aravak, tayno, Karib kabilar yashagan. Ko’pchilik qabilalar o’troq xayot kechirar, siboneylar ovchilik bilan shug’ullanar edi. 1492 yilda X. Kolumb orolga kelganida uni ispaniyaga o’xshatib, Espanola deb atadi. Aravak qabilasiga mansub tain indeyslari esa uni Gaiti deyishardi. Mahalliy aholi og’ir mehnat va vahshiyona muomala oqibatida qirilib ketdi. Shunda ispanlar qo’shni orollardan va Afrikadan qullarni olib kelib, shakarqamishzorlarda, chorvachilik va oltin konlarida ishlatishga kirishdilar. 16-asr oxiri va 17-asr boshlarida Frantsiya bilan Buyuk Britaniya Orolni egallashga harakat qila boshladi. 1697 yil Risvik sulh shartnomasiga binoan espanola orolining g’arbiy qismi (hozirgi Gaiti hududi) Frantsiyaga topshirildi va Santo-Domingo deb atala boshladi, Sharqiy qismi (hozirgi Dominikana Respublikasi hududi) Ispaniya qul ostida qoldi. 1795 yil ispanlar orolning Sharqiy qismini ham Frantsiyaga topshirdi. 1804 yilda mustaqillik uchun kurash natijasida frantsuzlar oroldan quvib chiqarildi va Gaiti davlati tuzildi. 1844 yil Santo-Domingo ozodlikka erishib, Dominikana Respublikasi deb ataldi. 19-asr o’rtalaridan mamlakat iqtisodiyotiga chet el sarmoyasi kira boshladi. 1905 yil AQSh Dominikana Respublikasini asoratga solib, mamlakat bojxonalarini o’z nazoratiga oldi. 1916 yil AQSh qo’shinlari o’z siyosatiga qarshi ko’tarilgan isyonni bostirish niyatida mamlakatga bostirib kirdi va harbiy-okkupasiya rejimini o’rnatdi. Bu rejim 1924 yilgacha joriy qilindi. 1930 yil AQShdagi yirik monopoliyalar ko’magida R. L. Truxilo hokimiyatni egalladi. U mustabid rejimni o’rnatdi. 2-jahon urushidan so’ng Lotin Amerikasida milliy ozodlik xarakati kuchayib, Truxilo rejimiga qarshi xalq harakati avj olgach, u sobiq tarafdorlari tomonidan o’ldirildi (1961). 1962 yil dekabrdagi saylovda g’olib chiqqan X. Bosh hokimiyat tepasiga keldi. U milliy iqtisodiyotni mustahkamlash, AQShga qaramlikni susaytirish tadbirlarini amalga oshirdi: agrar islohot o’tkazish, siyosiy va demokratik ozodlik haqida yangi Konstitutsiya qabul qildi. 1963 yil sentabrda reaktsion harbiylar X. Bosh hokimiyatini ag’dardi. Mamlakatni harbiy xunta idora qila boshladi. U konstitutsiyani bekor qildi, barcha demokratik partiyalarni taqiqladi. 1965 yil aprel xalq qo’zg’oloni harbiy xuntani ag’darib tashladi. Mamlakatda F. Kaamanoning konstitusiey hukumati tuzildi. AQSh esa o’z fuqarolarini muhofaza qilish bahonasi bilan Dominikana Respublikasiga bostirib kirdi. Ana shunday bir vaziyatda (1966 yilda) saylov o’tkazildi. Reformistlar partiyasining rahbari X. Balager 1966-78 yillarda prezident bo’lib, milliy monopoliya, yer egalari va ruhoniylarning manfaatini himoya qildi. 1978 yil 16 mayda o’ng kuchlarning qarshiligiga qaramay, inqilobiy partiya nomzodi A. Gusman prezident etib saylandi. 1996 yil 30 iyundagi saylovda esa Ozodlik partiyasining rahbari Fernandes Reyna g’alaba qozonib, prezident lavozimini egalladi. 2000 yildan Dominikana Respublikasi prezidenti I. R. Mexia Dominges. Dominikana Respublikasi — 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 27 Fevral — Mustaqillik kuni (1844). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushma birlashmalari. Demokratik integrasiya harakati, 1970 yilda reformistlar partiyasidan ajralib chiqqan fraktsiya negizida tuzilgan; Kiskeyyano (Dominikana) demokratik partiyasi, 1968 yilda tuzilgan; Dominikana kommunistok partiyasi, 1944 yilda asos solingan; Dominikana ozodlik partiyasi, 1973 yilda tuzilgan; Dominikana inqilobiy partiyasi, 1939 yilda tuzilgan; reformist sotsial-xristian partiya, 1986 yilda tuzilgan. Muxtor kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1962 yilda tuzilgan; mehnatkashlar umumiy kasaba markazi, 1972 yilda tuzilgan; Dominikana mehnatkashlari milliy konfederatsiyasi, 1988 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Dominikana Respublikasi — iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligi, o’rmon xo’jaligi va baliqchilikning ulushi 15%, sanoatning ulushi 19,2%. Qishloq xo’jaligida mamlakat hududining 35% ga yaqini foydalaniladi; mamlakat ishchi kuchining 50% shu sohada band. Ekinzorlar mamlakat shimoldagi Sibao va Vega-Real vodiylarida, Janub sohillarda va Markaziy tekisliklarda joylashgan. Mehnat unumdorligi va texnika bilan qurollanish past darajada. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari: shakarqamish, kakao, banan, tamaki. Ichki ehtiyoj uchun sholi, makkajo’xori, maniok, batat, yams, loviya, sabzavot va boshqalar ekiladi. Yaylov chorvachiligi birmuncha rivojlangan: qoramol, cho’chqa, yilqi, parranda boqiladi. Sanoati zaif, asosan qishloq xo’jalik va chorvachilik xom ashyosini qayta ishlaydigan, oziq-ovqat va to’qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan mayda korxonalardan iborat. Qand-shakar sanoati durustroq rivojlangan. 2-jahon urushidan keyin konchilik tez yuksala boshladi. Boksit, ferronikel qazib olish ko’paydi, mis va temir rudasi, marmar, oltin, kobalt, titan qazib olinadi. Tsement, yog’ochsozlik, kimyo, neftni kayta ishlash korxonalari mavjud. 1975 yilda Sanches-Ramires viloyatida Lotin Amerikasidagi eng katta oltin va kumush kareri ishga tushirilgan. 20 ta erkin iqtisodiy zonada kiyim-kechak ishlab chiqariladi. Yiliga o’rtacha 4,6 milliard. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Keyingi yillarda chet el sayyohligi rivojlandi. Transporti. Mamlakatda temir yo’l uzunligi — 1,6 ming kilometr, avtomobil yo’li uzunligi — 17 ming kilometrdan ko’proq. Asosiy dengiz portlari: Santo-Domingo, Puerto-Plata. 6 ta aeroport, shu jumladan Punta-Kausedoda xalqaro aeroport bor. Dominikana Respublikasi chetga qand-shakar, ferronikel, oltin, kumush, kofe, kakao, banan, boksit, tamaki, meva va boshqalar chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, mashina va avtomobillar, elektr asbob-uskunalari, ma’danli o’g’it, dori-darmon, yoqilg’i, paxta keltiradi. Savdo-sotiqdagi mijozlari: AQSh va Yevropa Iqtisodiy hamjamiyati davlatlari. Pul birligi — Dominikana pesosi. Sog’liqni saqlash. Ko’pchilik aholi turmushining tibbiy-sanitariya sharoiti qoniqarli emas. Davlat byudjetining 7% sog’liqni saqlashga ajratiladi. Aholining juda oz qismi ijtimoiy sug’urta hisobiga tibbiy yordamdan foydalanadi. Yuqumli kasalliklardan tanosil, isitma-bezgak, sil tarqalgan. Shifokorlarni 2 tibbiy oliy o’quv yurti tayyorlaydi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Dominikana Respublikasida 7-11 yoshdagi bolalar uchun bepul va majburiy ta’lim joriy etilgan, biroq aholining yarmidan ko’prog’i savodsiz. Katta yoshdagilar va qishloq aholisi orasida savodsizlar ayniqsa ko’p. Davlat maktablaridan tashqari xususiy va cherkov maktablari bor. Ularning hammasida ta’lim davlat dasturi asosida olib boriladi. O’rta ma’lumot olish uchun boshlang’ich maktabdan keyin 3 yillik 2-pog’ona maktabni ham bitirish kerak. Kechki davlat maktablari savdo, sanoat va qishloq xo’jalik xodimlarini tayyorlaydi. Dominikana Respublikasida 3 ta universitet, jumladan, Amerikadagi eng qadimgi universitetlardan biri — Santo-Domingo universiteti (1538 yilda asos solingan) bor. Ilmiy muassasalarida asosan tarix, tilshunoslik, tibbiyot sohalarida tadqiqot olib boriladi. Bir necha xususiy ilmiy muassasalar: Dominikana akademiyasi, tarix akademiyasi, bir qator ilmiy muassasa, jamiyat va uyushmalar bor. Universitet kutubxonasi, Milliy va munisipalitet kutubxonalari, milliy muzey (1927), milliy badiiy galereya (1943) mavjud. Matbuoti, radioeshittirish va teleko’rsatuvi. Dominikana Respublikasida nashr etiladigan asosiy gazetalar: “Informatson” (“axborot”, kundalik gazeta, 1915 yildan). “Karibe” (“Karib gazeta”, kundalik gazeta, 1948 yildan), “Listin Diario” (“kundalik varaqa”, kundalik gazeta, 1889 yildan), “Natsional” (“Milliy gazeta”, kundalik gazeta, 1966 yildan), “Notisia” (“xabarnoma”, kundalik kechki gazeta, 1973 yildan), “Ultima ora” (“so’nggi soat”, kundalik kechki gazeta, 1970 yildan). Aloqa bosh boshqarmasi mamlakatdagi radioeshittirish va teleko’rsatuvlarni nazorat qiladi. “Radio Televison Dominikana” hukumat radio va teleko’rsatuv xizmatidir. Bir necha tijorat radio va teleko’rsatuv stansiyalari bor. Adabiyoti ispan tilida. 19-asrda birinchi milliy madhiya muallifi F. M. del Monte yangi adabiyotga asos soldi. Dominikana Respublikasida birinchi milliy roman — M. de X. Galvanning “Enrikilo” tarixiy asaridir. Asr oxirigacha indeyslar turmushi adabiyotning asosiy mavzui bo’ldi. Bu davrdagi adabiyot shiddatli siyosiy kurash sharoitida rivojlandi. 1930 yilda Truxilo reaktsion diktaturasining karor topishi bir guruh taraqqiyparvar adiblarni muhojirlikda yashashga majbur etdi. Ulardan A. F. Rekena “zamin dushmanlari”, “olovli yo’l” romanlarida mustabid tuzumni fosh etdi. R. Marrero Aristi, X. Bosh asarlari Dominikana Respublikasi dehqonlari hayotiga bag’ishlandi. E. Inchaustegi Kabral, Pedro Mir, M. del Kabral va boshqa shoirlarning asarlarida ijtimoiy norozilik g’oyalari aks etdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Ispanlar bosqinidan avval (16-asrgacha) indeyslar san’ati (naqshinkor va jimjimador kulollik, zarang idishlar, tosh va yog’och sanamlar) rivojlangan. Dastlabki shaharlar, jumladan Santo-Domingoga asos solingach, keyingi gotika va ilk Uyg’onish uslubida har xil ibodatxonalar, kasalxona, savdo korxonalari, jamoat va turar joy binolari barpo etildi. Santo-Domingodagi Torre del Omenaxe soqchi minorasi (1503-07), sobor (1512-41, me’mori R. de Lendo, L. de Moya), kasa del Amirante saroyi (1510-14) va boshqa inshootlar hozirgacha saqlangan. Shu davrda maqbaralar qurilishi, rassomlik, haykaltaroshlik ham vujudga keldi. Keyinchalik me’morlik suet rivojlandi. Hozir ham viloyat shaharlarida pastqam yog’och uylar, qishloq joylarda yog’och sinchli va tomiga shox-shabba yopilgan uychalar ko’p. 1930 yilgi dovulda vayron bo’lgan Santo-Domingo AQSh me’morligiga taqlidan temir-beton va oynadan qurila boshladi. Mustamlakachilik davrida arzigulik tasviriy asarlar yaratilmadi. Yangi davr san’ati 20-asrdan rivojlandi. Rassom va haykaltaroshlardan L. de Sangles, A. Grulon va A. R. Urdanetalar tarixiy mavzuda kartina, peyzaj, por-tretlar yaratdilar. Santo-Domingoda birinchi badiiy maktabga asos solingach (1908), yosh rassomlar yetishib chika boshladi. Zamonaviy rassomchilik Amerika va Yevropa modernistik oqimlari — kubizm (X. M. Kolson), abstraktsionizm (P. Xyudiseli), syurrealizm (D. Suro) ta’sirida rivojlandi. S. Vosixil, A. Bonilya, X. O. Morellarning realistik asarlari yaratildi. Santo-Domingo milliy san’at maktabi, San-Fransisko-de Makoris va San-Xuan nafis san’at maktabi, Santyago va La-Vega plastik san’at maktabi mavjud.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz