DOME (DAUMIER) ONORE VIKTOREN



DOME (DAUMIER) ONORE VIKTOREN (1808.26.2, Marsel – 1879.11.2, Vilmondua, Parij yaqinida) — frantsuz rangtasviri ustasi, grafik rassomi va haykaltaroshi; tanqidiy realizmning yirik vakili. 1814 yildan Parijda; 20-yillarda rasm, rangtasvirdan ta’lim olgan, litografiya san’ati asoslarini o’rgangan. 1830 yil inqilobidan keyin siyosiy karikaturalar, hajviy rasmlar yaratgan, ular alohida varaqlarda yoki bezakli nashrlarda bosilgan. Siyosiy arboblarning o’tkir syujetli byustlari (1830-36, 36 ta byust saqlangan) keyinchalik portret-sharjlar yaratish uchun asos bo’lgan (“Oltin kesimning mashxur kishilari”, 1832-33). Dome litografiya asarlarida (“qonun chiqaruvchilar uyasi”, “Biz hammamiz halol odamlarmiz, keling quchoqlashaylik”, “bunisini ozodlikka chiqarsa bo’ladi”, 1934; “Transnonen ko’chasi” va boshqa turkumlar) bag’ritosh, manman, ikkiyuzlamachi hukmdorlarni qattiq tanqid ostiga olgan. 1834 yildan keyin Dome asosan maishiy hajviy rasmlar ishlash bilan chegaralana boshlaydi (“Rober Maker”, 1836-38; “marhamatli burjua”, 1846-49 va boshqalar). Dome rangtasviri romantizm bilan bog’liq, obrazlarning o’tkir tavsifi, erkin va mohirona jamlangan lirik va jo’shqin harakatli rang tizimi, nursoya o’yinidagi keskinlik asarlariga alohida joziba baxsh etgan (“qo’zg’olon”, 1848; “Barrikadadagi oila” va boshqalar). Oddiy xalqning ichki qudrati va ma’naviy go’zalligini ifoda etgan “kir yuvuvchi” (1859), “uchinchi klass vagoni” (1862— 63) va boshqalar, diniy mifologik mavzuda kompozitsiyalar, portretlar, don Kixotga bag’ishlangan qator asarlar yaratgan (“Don Kixot”, 1868 va boshqalar).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz