DOLMENLAR



DOLMENLAR (bretoncha tol — stol va men — tosh) — so’nggi neolit va ilk jez davriga oid dafn inshootlari. Marhumlarni “doimiy uy” bilan ta’minlash maqsadida har biri bir necha tonna og’irlikdagi katta tosh bo’laklari va toshtaxtalar tik holda erga o’rnatilib, usti katta hajmdagi bir yoki bir necha massiv toshtaxtalar bilan yopilgan. Dolmenlarning ichiga alohida bo’lmalar yasab marhum o’tirgan holda dafn etilgan. Dolmenlarning ichki devorlariga va shiplariga qabartirib naqshlar va bo’yoq bilan suratlar ishlangan. Dolmenlarning ichiga ulik ko’mish, dafn etilgan murdalarga “oziq-ovqat olib kirish” va qaytib chiqish uchun janub yoki Sharq tomonlarida maxsus toshtaxtadan qilingan “eshik”lari bo’lgan. Dolmenlarning ichiga yuz yillar davomida o’lik ko’milgan. “Jon” va “ruh”larning kiribchiqib turishi uchun “eshik”lari teshib qo’yilgan. Dolmenlar Yevropa, Osiyo va Afrika qitalarida topilgan. Dolmenlar Krim, Kavkazning kora dengiz sohillarida, O’zbekistonda topildi. 1955 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Ya. F. G’ulomov boshchiligidagi arxeologiya otryadi Jizzax shahri yaqinidagi Qulfsar degan qadimgi qabristonda Dolmenlarni topdi. Uning ikki tomoni ochiq, atrofi tosh terib o’rab qo’yilgan, tepasidagi toshtaxtada qurbonlik qilingan hayvon qoni izi bor. Qulfsar qabristonida topilgan Dolmenlar jez davriga oid degan xulosaga kelindi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz