DO’LMA



DO’LMA — quyuq taom turi. Mol yoki qo’y go’shtining Qorakesak joyidan kesib olib, mayda to’g’rab yoki qiymalab, ba’zida guruch qo’shib tayyorlanadi. Do’lmaning karam Do’lma, bolgari Do’lma, charvi Do’lma, pomidor Do’lma, kovatok Do’lma va boshqa turlari bor. Karam Do’lma — suyaklari ajratilgan go’sht go’shtqiymalagichdan o’tkazilgach, guruch, mayda to’g’ralgan piyoz, tuz, murch va 2-3 dona pomidorning suvi va bir dona tuxum solib aralashtiriladi. Karam qaynab turgan suvga 5-10 minut solib, yumshagach, barglari ajratib olinadi. har bir karam bargiga qiymadan solib bir chekkasidan dumalatib Bodringsimon Do’lmalar o’raladi. Qozonga go’shtdan ajratilgan suyaklar solinib, so’ngra Do’lmalar terib chiqiladi va suv quyib, usti zich qopqoq bilan berkitiladi. Ba’zan yog’ qizdirilib, go’sht, piyoz, pomidor solib qovuriladi, so’ng bir oz suv quyilib ustiga Do’lmalar teriladi. Qozon qaynagach, ustiga likopcha yopiladi va past olovda 40— 45 minut dimlanadi. Tayyor Do’lmalar laganga suziladi, ustiga to’g’ralgan ko’katlar sepib dasturxonga tortiladi. Bolgar qalampir Do’lma — bolgar qalampirining band tomoni ochilib, urug’idan tozalanib yuviladi. Qiymasi karam Do’lmaniki singari tayyorlanadi. Kalampirning ichi qiyma bilan to’ldiriladi va qozonga terilib 35 minut chamasi pishiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz